Kafedra tarixi
Farmatsevtik va toksikologik kimyo kafedrasi 2022-yilda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ilmiy kengashining qarori bilan Farmatsiya fakulteti tarkibida tashkil etilgan va tasdiqlangan. Kafedraning tashkil etilishi farmatsevtika yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada takomillashtirish, kimyoviy fanlarni o‘qitish samaradorligini oshirish hamda farmatsevtik va toksikologik kimyo sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish zarurati bilan bog‘liq.
Hozirgi kunda kafedrada farmatsevtika yo‘nalishining asosiy kasbiy fanlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi. Farmatsiya fakultetining 3-bosqich talabalariga Farmatsevtik kimyo, 4-bosqich talabalariga Toksikologik kimyo va Organik sintez, 5-bosqich talabalariga esa Farmatsevtik tahlil fanlari o‘qitiladi. Shuningdek, kafedrada magistratura bosqichida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan fanlardan ta’lim beriladi.
Mustaqil kafedra tashkil etilishidan oldin ushbu fanlarning ayrimlari universitetning boshqa kafedralarida o‘qitilgan. Jumladan, Farmatsevtik kimyo va Toksikologik kimyo fanlari Tibbiy kimyo kafedrasida, Farmatsevtik tahlil fani esa Farmakognoziya kafedrasida o‘qitilgan. Mazkur yo‘nalishlarning yagona kafedra tarkibida birlashtirilishi ta’lim jarayonida uzviylikni ta’minlash, nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, ilmiy-uslubiy faoliyatni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratdi.
Hozirgi vaqtda Farmatsevtik va toksikologik kimyo kafedrasi Samarqand davlat tibbiyot universitetining yangi binosidagi C blokning 4-qavatida joylashgan. Kafedra o‘z faoliyatini izchil rivojlantirib, o‘quv-uslubiy bazani takomillashtirish, zamonaviy tahlil va sintez usullarini o‘quv jarayoniga joriy etish hamda farmatsevtika va tibbiyot sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.