Xalqaro hamkorlik
Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro faoliyati universitetni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq amalga oshirilib, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Mazkur strategiya doirasida Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan samarali ilmiy-ta’lim hamkorligini rivojlantirib kelmoqda. Hamkorlik professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar, o‘quv-uslubiy loyihalar hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etishga xizmat qilmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti dunyoning 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va tajriba almashish tamoyillariga asoslanadi. Xalqaro aloqalar natijasida universitetga xorijiy professor-o‘qituvchilar, olimlar, shifokorlar va talabalar muntazam tashrif buyurib, ta’lim va ilmiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.
Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi MDH davlatlarining 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Rossiya Federatsiyasining Yaroslavl, Astraxan, Tver, Smolensk, Volgograd va Izhevsk davlat tibbiyot universitetlari, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti hamda Belarus Respublikasining «Ona va bola» Respublika ilmiy-amaliy markazi bilan yaqin ilmiy hamkorlik olib borilmoqda.
Hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobillik dasturlarida, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, vebinarlar va mahorat darslarida muntazam ishtirok etib kelmoqdalar. Kafedrada ftiziatriya va pulmonologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy tadbirlar muntazam ravishda tashkil etiladi.
Jumladan, 2021-yilda Belarus Respublikasining «Ona va bola» Respublika ilmiy-amaliy markazi ilmiy kotibi L.A. Gorbach ishtirokida «Sil va COVID-19: dolzarb muammolar» mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. 2022-yilda Rossiya Federatsiyasi Yaroslavl davlat tibbiyot universiteti professori O.G. Chelnokova ishtirokida «Latent sil infeksiyasining zamonaviy jihatlari» mavzusida xalqaro vebinar tashkil etildi. Shuningdek, Smolensk va Tver davlat tibbiyot universitetlari mutaxassislari bilan dori vositalariga chidamli sil, o‘pkadan qon ketishi va zamonaviy davolash usullariga bag‘ishlangan xalqaro seminar va vebinarlar o‘tkazildi.
2022–2023-o‘quv yilida Rossiya Federatsiyasi Yaroslavl davlat tibbiyot universiteti professori, tibbiyot fanlari doktori O.G. Chelnokova Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektorining buyrug‘i asosida Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib bordi. Professor O.G. Chelnokova davolash va tibbiy pedagogika fakultetlari talabalari uchun ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
2026-yil 20-mart kuni Rossiya Federatsiyasi Astraxan davlat tibbiyot universitetida masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda «Ftiziatriyaning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda kafedra dotsenti A.A. Kim «Bir yoshli bolada umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasi ichki limfa tugunlari zararlanishi bilan kechgan birlamchi tarqalgan sil» mavzusida, PhD, assistent D.N. Adjablayeva esa «O‘zbekistonda sil bo‘yicha epidemiologik vaziyat» mavzusida ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Xalqaro ilmiy hamkorlik natijasida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi Q2 va Q4 kvartillariga mansub nufuzli ilmiy jurnallarda 10 ta ilmiy maqola chop etildi. Ilmiy ishlarda latent sil infeksiyasi, bolalar ftiziatriyasi, sil va COVID-19, dori vositalariga chidamli sil hamda pulmonologiyaning dolzarb masalalari yoritilgan.
Kafedrada 3 yillik magistratura dasturi bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanmoqda. Magistrantlarning ilmiy ishlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi Izhevsk davlat tibbiyot akademiyasi tibbiyot fanlari doktori O.Ye. Russkix hamkorligida ilmiy rahbarlik asosida olib borilmoqda. Ushbu hamkorlik magistrantlarning xalqaro ilmiy tajriba va zamonaviy tadqiqot metodologiyalarini o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida kafedra professor-o‘qituvchilari xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma o‘quv-uslubiy loyihalarni ham amalga oshirmoqdalar. Xususan, PhD, assistent D.N. Adjablayeva hamda Izhevsk davlat tibbiyot akademiyasi tibbiyot fanlari doktori O.Ye. Russkix hammuallifligida «Fundamentals of Phthisiology» nomli ingliz tilidagi darslik tayyorlanib nashr etildi. Mazkur darslik xalqaro ta’lim standartlari asosida yaratilgan bo‘lib, xalqaro ta’lim fakulteti talabalari, magistrantlar va klinik ordinatorlarni o‘qitishda keng foydalanilmoqda hamda kafedraning ingliz tilidagi o‘quv-uslubiy bazasini yanada boyitdi.


Kafedra xalqaro ta’lim fakulteti talabalarini zamonaviy o‘quv dasturlari asosida ingliz tilida o‘qitadi. Xorijiy talabalar uchun ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, elektron ta’lim resurslari va o‘quv-uslubiy materiallar xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, bu ta’lim sifatini oshirish va akademik mobillikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Xalqaro hamkorlik natijasida kafedra professor-o‘qituvchilari va talabalari xorijiy mutaxassislar bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini o‘zlashtirish, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini o‘quv va klinik amaliyotga joriy etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Bu esa kafedraning ilmiy salohiyati, ta’lim sifati hamda xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kelgusida kafedra xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, Erasmus+, Horizon Europe va boshqa xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish, qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi nufuzli ilmiy jurnallarda qo‘shma nashrlar sonini oshirishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan.