Kafedra tarixi
Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida ftiziatriya va pulmonologiya yo‘nalishlari bo‘yicha malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashda muhim o‘rin egallaydi. Kafedra faoliyati davomida sil kasalligini diagnostika qilish, davolash va profilaktikasi bo‘yicha ilmiy maktab shakllanib, respublika sog‘liqni saqlash tizimining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
G.I.Yushina
S.A.Xodjayeva

Ph.D., dots. Kim A.A
Kafedraning tarixi 1934-yilda, Samarqand davlat tibbiyot institutida ftiziatriya kursi tashkil etilishi bilan boshlangan. 1960-yilgacha ushbu kurs fakultet terapiyasi kafedrasi tarkibida faoliyat yuritib, 2–3 nafar professor-o‘qituvchidan iborat bo‘lgan. Mazkur davrda kursga professor N.I. Kornetov (1930–1936), dotsent G.I. Iren (1936–1947), dotsent B.D. Davydov (1947–1950), dotsent M.P. Udalova (1950–1959) hamda dotsent A.N. Garanyan (1959–1972) rahbarlik qilib, ftiziatriya fanining universitetdagi rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar.
1973-yilda professor G.I. Yushina rahbarligida mustaqil Ftiziatriya kafedrasi tashkil etildi. Shu davrdan boshlab kafedraning ilmiy-pedagogik salohiyati sezilarli darajada oshib, professor-o‘qituvchilar soni 11 nafarga yetdi. Talabalar uchun zamonaviy ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarni dotsent A.A. Sharapov, tibbiyot fanlari nomzodlari K.G. G‘aniyev, A.D. Ten, I.S. Safarov, A.G. Grigoryans, shuningdek assistentlar R.E. Unanyan, S.B. Kirina, K.N. Raximboyev va Y.A. Taxalov olib bordilar. Aynan shu davrda kafedrada ilmiy-tadqiqot ishlari va klinik faoliyat jadal rivojlana boshladi.
Turli yillarda kafedraga dotsent A.A. Sharapov (1978–1992), dotsent A.K. Uzoqov (1992–2002), dotsent I.S. Safarov (2002–2006) hamda S.A. Xodjayeva (2006–2022) rahbarlik qilgan. Ularning har biri kafedraning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy faoliyatni rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lida samarali mehnat qilgan.
2005-yil 1-martdan boshlab kafedra qayta tashkil etilib, ftiziatriya kursi sifatida ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasi, keyinchalik esa 1-son ichki kasalliklar kafedrasi tarkibida faoliyat yuritdi. Ushbu davrda ham talabalarni sifatli o‘qitish, klinik amaliyotni takomillashtirish va ilmiy faoliyat uzluksiz davom ettirildi.
2020-yil avgust oyidan boshlab ftiziatriya kursi yana mustaqil kafedra maqomini oldi. Kafedraning asosiy klinik bazasi Samarqand viloyat silga qarshi kurash dispanseri bo‘lib, shu yili mazkur muassasa Samarqand viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi sifatida qayta tashkil etildi. 2021–2022-o‘quv yilidan boshlab esa Samarqand shahar silga qarshi kurash dispanseri negizida kafedraning ikkinchi klinik bazasi tashkil etildi. Bu esa talabalarning amaliy tayyorgarligini yanada takomillashtirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini bevosita klinik sharoitda o‘rganish imkoniyatini kengaytirdi.
2022-yildan boshlab kafedraga PhD, dotsent Kim Antonina Amurovna rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligida kafedrada ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro hamkorlik va o‘quv-uslubiy faoliyat yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqaro ilmiy aloqalar kengaytirilib, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy o‘quv adabiyotlari yaratildi hamda Scopus bazasida indekslanuvchi xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar soni sezilarli darajada oshdi.
2023-yil fevral oyidan boshlab kafedra faoliyati kengaytirilib, Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi deb qayta nomlandi. Bu o‘zgarish nafaqat sil kasalligi, balki nafas olish tizimi kasalliklari bo‘yicha ta’lim, ilmiy izlanish va klinik faoliyatni rivojlantirishga xizmat qildi.
Bugungi kunda kafedrada PhD, dotsent Kim A.A., tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent X.I. Turdibekov, assistent S.A. Xodjayeva, assistent U.D. Pardayeva, assistent N.T. Mamatova, PhD, assistent D.N. Adjablayeva hamda boshqa professor-o‘qituvchilar samarali faoliyat olib bormoqdalar. Kafedra jamoasi zamonaviy ta’lim texnologiyalari, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillari va xalqaro klinik tavsiyalar asosida bakalavrlar, magistrlar, klinik ordinatorlar hamda malaka oshirish kurslari tinglovchilarini tayyorlab kelmoqda.
Hozirgi kunda Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va davolash faoliyatini uzviy uyg‘unlashtirgan holda, respublika hamda xalqaro miqyosda o‘z ilmiy salohiyatini izchil oshirib borayotgan, zamonaviy tibbiyot talablari asosida faoliyat yurituvchi yetakchi kafedralardan biri hisoblanadi.