Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Ilmiy kengash to'g'risida nizom

SamDTU rektorining 2022-yil 8- iyuldagi

A/F 339- sonli buyrug‘iga ilova


Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Ilmiy Kengashi

N I Z O M I

1. Umumiy qoidalar

 1.1. Samarqand davlat tibbiyot universitetining barcha me’yoriy hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2022-yil 1-apreldagi PQ-188-son Qaroriga muvofiqlashtirish yuzasidan SamDTU rektorining 2022-yil 18-apreldagi 207/AF-sonli buyrug‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y. 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y. 11-12-son, 295-modda) qonunlariga, “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomga, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2011 yil 3 dekabrdagi “Namunaviy tartib va nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 487-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasining Ilmiy kengashi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizomga hamda SamDTI rektorining 2013-yil 31-dekabrdagi 816-sonli buyrug‘i negizida qayta ishlab chiqilgan Samarqand davlat tibbiyot universiteti (keyingi o‘rinlarda “SamDTU” yoki “Universitet” deb yuritiladi) Ilmiy kengashining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

  1.2. Ushbu Nizom SamDTU Ilmiy Kengashi uchun asosiy me’yoriy hujjatlardan biri hisoblanadi.

SamDTUning faoliyatiga tegishli asosiy masalalarni ko‘rib chiqish uchun rektor raisligida universitet Ilmiy kengashi tashkil etiladi.

  1.3. Kengash tarkibi rektor, prorektorlar, fakultet dekanlari, universitet tarkibiga kiruvchi mustaqil tashkilot va tarmoqlar direktorlari, mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudiri, shuningdek, jamoat tashkilotlari rahbarlaridan tashkil etiladi. Ilmiy kengashning boshqa a’zolari umumiy majlisda yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar. Professor-o‘qituvchilar tarkibidan Ilmiy kengashga saylanuvchi a’zolarning soni rektorning buyrug‘i bilan belgilanadi. Ilmiy kengash tarkibiga universitetning muayyan yo‘nalish muammolari bo‘yicha ishlayotgan yirik olim va mutaxassislari ham kiritilishi mumkin. Vakolat muddati - 5 yil.

  1.4. Ilmiy kengash tarkibi SamDTU rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Har o‘quv yilining boshida, turli sabablarga ko‘ra Ilmiy kengash tarkibidan chiqqanlar o‘rniga, yangi a’zolar saylanadi yoki nizom bo‘yicha kiritiladi. Ilmiy kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning o‘rniga tayinlangan shaxs lavozimiga ko‘ra a’zolar tarkibiga kiritiladi.

2. Ilmiy kengashning maqsad va vazifalari

  2.1. Ilmiy kengashning maqsadi - SamDTU jamoasi sa’y-harakatlari, intellektual salohiyati va boshqa barcha imkoniyatlarni O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi Qonunlarida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash, oliy ta’limning davlat ta’lim standarti talablari darajasida mukammal bilim, malaka, ko‘nikmalarga ega bo‘lgan professional mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirishdan iborat.

 2.2. SamDTUning Ilmiy kengashi:

  • Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofik davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarining qatiy bajarilishini o‘rganib chiqadi hamda ustivor masalalar bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar belgilaydi;
  • fakultetlarning o‘quv, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlari to‘g‘risidagi, akademik litseylar, universitet qoshidagi ilmiy jamiyatlarning faoliyati to‘g‘risidagi, qabul komissiyasining qabul natijalari to‘g‘risidagi, shuningdek Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi tomonidan bitiruvchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji, buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi hamda tegishli qaror qabul qiladi;
  • ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalari ijrosi, professor-o‘qituvchilar tarkibining malaka oshirish va qayta tayyorlash masalalarini muhokama qiladi xamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
  • universitet rivojlanishining yillik va istiqbolli rejalarini tasdiqlaydi, moddiy-texnik ta’minot va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
  • fakultet va kafedralarni ochish, tugatish, o‘zgartirish, shuningdek Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi takliflarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish yoki to‘xtatish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qaror qabul qiladi;
  • “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga kabul kilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq professor- o‘qituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar o‘tkazadi;
  • professor, dotsent ilmiy unvonini olishga intilayotgan izlanuvchilarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda ilmiy unvonga tasdiqlashga taqdim etadi;
  • SamDTU bitiruvchilari hamda professor-o‘qituvchilarining ingliz tilini bilishlarini ta’minlash va kompyuter texnologiyalari, Internetdan foydalana olishlari bo‘yicha tayanch ko‘nikmalarni shakllantirish masalalarini muhokama qiladi va chora-tadbirlar belgilaydi;
  • ta’lim jarayonining o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganligi, yangi avlod darslik va o‘quv kullanmalari, shuningdek innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llashga asoslangan o‘quv-uslubiy majmualarni tayyorlash va nashr etish masalalarini muhokama qiladi;
  • doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchi institutlariga nomzodlarni tavsiya etadi, ularning shaxsiy rejalari va dissertatsiyalari mavzularini tasdiqlaydi;
  • iqtidorli talabalar safidan va professor-o‘qituvchilar tarkibidan nomzodlarni “El-yurt umidi” jamg‘armalari orqali xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish vastajirovka o‘tishga tavsiya etadi,
  • SamDTU iqtidorli talabalari va stajer-tadqiqotchi - izlanuvchilari safidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etadigan nomzodlarni tavsiya etadi;
  • “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi bilan hamkorlikda talabalarning jismoniy tarbiyasi va ularning sog‘liklarini yanada yaxshilash bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqadi;
  • asosiy buyurtmachi tashkilot, korxona va muassasalar bilan korporativ hamkorlikni rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda talabalarning malakaviy amaliyoti samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qiladi va ularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
  • xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
  • ta’lim xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi kichik korxonalar, firma va kurslar faoliyati haqida rahbarlarning hisobotlarini eshitadi hamda tegishli qaror qabul qiladi;
  • universitet talabalari va xodimlarining texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni belgilaydi.

3. Ilmiy kengash faoliyatini tashkil etish

 3. 1. Ilmiy kengash o‘z faoliyatini har o‘quv yili uchun ishlab chiqiladigan rejaga muvofiq amalga oshiradi. Ilmiy kengash rejasi Ilmiy kengash tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi. SamDTUning o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy ishlarga doir barcha masalalar bo‘yicha Ilmiy kengash qarorlari ochiq ovoz berish tartibida ko‘pchilikning ovozi bilan qabul qilinadi. Ilmiy kengash majlisi uning tarkibidagi a’zolarning 2/3 qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.

  Professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlarini egallash hamda professor yoki dotsent ilmiy unvonlarini berish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlar va taqdimnomalar yuzasidan qarorlar yopiq ovoz berish yo‘li bilan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

  3.2. Ilmiy kengash qarorlari SamDTU rektori tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi.

 3.3. Ilmiy kengash majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Ilmiy kengash raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi.

 3.4. Ilmiy kengash raisi muntazam ravishda ilmiy kengash qarorlarining bajarilishi bo‘yicha tekshiruvlar tashkil etadi va Ilmiy kengash a’zolariga ularning natijalari haqida axborot beradi.

4. Yakuniy qoidalar

  4.1. Ushbu Nizomning amal qilish muddati davomida unga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish qonunchilik asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi va rasmiylashtiriladi.