Kafedra o'quv va o'quv-metodik ishlari
Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasida Pediatriya fakultetining 5-kurs, Davolash ishi, Tibbiy-pedagogika, Tibbiy profilaktika hamda Xalq tabobati fakultetlarining 4-kurs, Tibbiy biologiya fakultetining 3-kurs, shuningdek Xalqaro ta’lim fakultetining 4-kurs talabalari «Ftiziatriya» fani bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturlari asosida tahsil oladilar. 2005-yildan boshlab kafedrada «Ftiziatriya» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura va klinik ordinatura mutaxassislari tayyorlanib kelinmoqda. Shu bilan bir qatorda, umumiy amaliyot shifokorlari, pediatrlar hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash fakulteti tinglovchilari uchun ixtisoslashtirilgan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar muntazam ravishda tashkil etiladi.
Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasida o‘quv jarayoni Samarqand davlat tibbiyot universitetining yagona mt.sammu.uz elektron ta’lim platformasi orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilgan. Ta’lim jarayoni Davlat ta’lim standarti, malaka talablari, o‘quv rejalari, fan dasturlari hamda ishchi o‘quv dasturlariga muvofiq olib boriladi. Mazkur platforma orqali talabalar elektron o‘quv resurslari, mustaqil ta’lim materiallari, test topshiriqlari, videodarslar, o‘quv-uslubiy majmualar hamda boshqa metodik manbalardan samarali foydalanish imkoniyatiga ega.
Kafedrada o‘quv jarayoni kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etilib, talabalarda nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uzviy bog‘lashga alohida e’tibor qaratiladi. Mashg‘ulotlar davomida klinik holatlar tahlili (case-study), muammoli vaziyatlarni yechish, kichik guruhlarda ishlash, interfaol ta’lim metodlari hamda dalillarga asoslangan tibbiyot (Evidence-Based Medicine) tamoyillaridan keng foydalaniladi. Bu esa talabalarning mustaqil fikrlash, klinik qaror qabul qilish, tahliliy yondashuv hamda kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Kafedrada zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulotlar davomida multimedia taqdimotlari, videomateriallar, virtual o‘quv resurslari, interaktiv o‘qitish usullari va klinik vaziyatlarni tahlil qilish metodlari keng qo‘llaniladi. Talabalar sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni bevosita kuzatish, laboratoriya, mikrobiologik hamda rentgenologik diagnostika bo‘limlarida amaliy ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lib, ularda klinik fikrlashni shakllantirish va dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Talabalarning mustaqil ta’limini samarali tashkil etish maqsadida kafedra tomonidan elektron taqdimotlar, videoma’ruzalar, uslubiy tavsiyalar, test topshiriqlari, klinik vaziyatli masalalar hamda o‘quv-uslubiy majmualar muntazam ravishda yangilanib boriladi. Mustaqil ta’lim jarayonida talabalar zamonaviy ilmiy adabiyotlar, milliy klinik protokollar, xalqaro tavsiyalar hamda elektron axborot-resurslardan foydalanish ko‘nikmalarini egallaydilar.
Kafedra kutubxonasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetining elektron axborot-resurs markazi o‘quv jarayonini zamonaviy o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlaydi. Kutubxonada o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi 30 dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma, uslubiy tavsiya va ilmiy adabiyotlar mavjud bo‘lib, elektron kutubxona darsliklar, o‘quv-uslubiy majmualar, videomateriallar, taqdimotlar hamda boshqa raqamli ta’lim resurslarini o‘z ichiga oladi.
Kafedrada o‘quv-uslubiy ishlar uzluksiz ravishda takomillashtirib borilmoqda. Professor-o‘qituvchilar tomonidan «Limfadenopatiya sindromi», «Meningokokk infeksiyasi», «Valeologiya», «Sil kasalligining oldini olish», «Sil kasalligi haqida nimalarni bilishingiz kerak» mavzularida uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib nashr etilgan. Shuningdek, «Основы фтизиатрии», «Ftiziatriya asoslari», «Fundamentals of Phthisiology», «Ftiziatriya» hamda «Silga qarshi tibbiy yordamning amaliy masalalari: diagnostika, davolash va profilaktika algoritmlari» nomli darsliklar yaratilishi kafedraning o‘quv-uslubiy salohiyatini yanada mustahkamladi.
Mazkur o‘quv-uslubiy adabiyotlar o‘quv jarayoniga keng joriy etilgan bo‘lib, talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, klinik fikrlashini rivojlantirish hamda amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda o‘quv jarayonida S.A. Xo‘jayevaning «Ftiziatriya asoslari» (2021), S.A. Xo‘jayevaning «Ftiziatriya» (2024), N.N. Parpiyevning «Ftiziatriya» darsligi (2024), D. Gillerning «Ftiziatriya» (2024), X.I. Turdibekov va A.A. Kim hammuallifligidagi «Ftiziatriya» (2025), D.N. Adjablayevaning «Fundamentals of Phthisiology» (2026), X.I. Turdibekovning «Silga qarshi tibbiy yordamning amaliy masalalari: diagnostika, davolash va profilaktika algoritmlari» (2026) darslik va o‘quv qo‘llanmalaridan, shuningdek Samarqand davlat tibbiyot universitetining elektron kutubxonasi (SamDTU) resurslaridan samarali foydalanilmoqda. Ushbu o‘quv adabiyotlari va elektron ta’lim resurslari talabalar tomonidan fan bo‘yicha zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirish, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini egallash hamda kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



O‘quv jarayonida talabalarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini baholash joriy, oraliq va yakuniy nazorat shakllarida amalga oshiriladi. Baholash jarayonida nazariy tayyorgarlik bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar, klinik tafakkur, kommunikativ kompetensiyalar, tibbiy etika va deontologiya tamoyillariga rioya etish darajasi ham kompleks ravishda baholanadi. Bu esa bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda ularni mustaqil klinik faoliyatga tayyorlashga xizmat qiladi.
Kafedra professor-o‘qituvchilari o‘quv-uslubiy faoliyatni takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash maqsadida o‘quv dasturlarini muntazam ravishda yangilab boradilar. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish, elektron ta’lim resurslarini kengaytirish va ilmiy-tadqiqot natijalarini o‘quv jarayoniga integratsiya qilish kafedra faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur o‘quv-uslubiy ta’minot, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va raqamli ta’lim resurslaridan samarali foydalanish natijasida talabalarning nazariy tayyorgarligi, klinik tafakkuri va amaliy ko‘nikmalari muntazam ravishda takomillashtirilib, xalqaro standartlarga javob beradigan, yuksak kasbiy malakaga ega, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagan raqobatbardosh tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash ta’minlanmoqda.