Ilmiy to'garak
Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi huzuridagi talabalar ilmiy jamiyati «Yosh ftiziatrlar» nomi bilan faoliyat yuritadi. To‘garak tarkibida 15 nafar iqtidorli talaba ilmiy izlanishlar olib boradi. Talabalar ilmiy jamiyati a’zolari kafedra professor-o‘qituvchilariga biriktirilgan bo‘lib, ular o‘rtasida ustoz-shogird an’analari izchil shakllangan. Talabalar ilmiy jamiyatiga kafedra mudiri PhD, dotsent Kim A.A. rahbarlik qiladi. To‘garak faoliyati tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq olib borilib, yig‘ilishlar haftaning shanba kunlari muntazam o‘tkaziladi hamda belgilangan tartibda bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
«Yosh ftiziatrlar» ilmiy to‘garagida sil kasalligini erta aniqlash, latent sil infeksiyasi, dori vositalariga chidamli sil, bolalarda sil profilaktikasi, pulmonologik kasalliklarning zamonaviy diagnostikasi va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. Tadqiqotlarning klinik bazasi sifatida Samarqand viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi hamda Samarqand shahar silga qarshi kurash dispanseri xizmat qiladi.
Har bir ilmiy to‘garak a’zosi uchun individual ilmiy tadqiqot mavzusi shakllantirilgan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar rahbarligida ilmiy izlanishlar olib boriladi. To‘garak yig‘ilishlarida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, klinik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, maqola va tezis tayyorlash, statistik ishlov berish usullari, ilmiy taqdimot tayyorlash hamda ommaviy nutq madaniyati bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Talabalar o‘z ilmiy ishlari natijalarini taqdim etib, ilmiy munozaralarda faol ishtirok etadilar.
Talabalar ilmiy ishlari natijalari respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, fan olimpiadalari hamda ilmiy jurnallarda muntazam e’lon qilinib kelinmoqda. So‘nggi yillarda to‘garak a’zolari Buxoro, Toshkent, Samarqand, Yaroslavl, Sankt-Peterburg, Volgograd, Kaluga va Moskva shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalar hamda olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ko‘plab sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.
2026-yil ilmiy to‘garak faoliyati uchun ayniqsa sermahsul bo‘ldi. 21-mart kuni Rossiya Federatsiyasining Volgograd shahrida o‘tkazilgan «Biz sil kasalligini yengamiz» nomli II Xalqaro talabalar olimpiadasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining «MycoHunters» jamoasi III darajali diplom bilan taqdirlandi. Jamoa ilmiy rahbarlari dotsent X.I. Turdibekov hamda assistent S.A. Xodjayeva bo‘ldilar.
2026-yil 31-mart kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan «Avitsenna izdoshlari – 2026» xalqaro fan olimpiadasida kafedra ilmiy to‘garagi a’zolari 1 ta II darajali va 2 ta III darajali diplomni qo‘lga kiritdilar. Talabalarning ilmiy rahbarlari assistent N.T. Mamatova hamda dotsent X.I. Turdibekov bo‘ldilar.
2026-yil 15–16-may kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan «Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari» nomli 80-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada to‘garak a’zolari 2 ta I darajali, 2 ta II darajali diplom hamda 1 ta maxsus nominatsiya diplomini qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, Xalqaro ta’lim fakulteti talabasi II darajali diplom bilan taqdirlandi. Talabalarning ilmiy rahbarlari dotsent X.I. Turdibekov, assistentlar N.T. Mamatova, S.A. Xodjayeva, S.J. Xodjiyeva hamda PhD, assistent D.N. Adjablayeva bo‘ldilar.
2026-yilda ilmiy to‘garak a’zolari Rossiya Federatsiyasining Volgograd va Kaluga shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ilmiy ma’ruzalar bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, sertifikatlarga sazovor bo‘ldilar. Mazkur tadbirlarda talabalar ilmiy rahbari sifatida PhD, assistent D.N. Adjablayeva faol ishtirok etdi.
Shuningdek, Xalqaro ta’lim fakulteti talabasi Parneet (ilmiy rahbar – PhD, assistent D.N. Adjablayeva) Moskva shahrida onlayn formatda o‘tkazilgan «RITORIKA» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ilmiy ma’ruza bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi.



An’anaga ko‘ra, ilmiy to‘garak a’zolari Samarqand viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi bilan hamkorlikda har yili 24-mart – Butunjahon silga qarshi kurash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari hamda profilaktik tadbirlarda faol qatnashib kelmoqdalar.
«Yosh ftiziatrlar» ilmiy to‘garagi faoliyati natijasida talabalarda ilmiy-tadqiqot olib borish ko‘nikmalari, tanqidiy va klinik fikrlash, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillaridan foydalanish, ilmiy ma’lumotlarni tahlil qilish hamda zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish kompetensiyalari shakllantirilmoqda. To‘garak a’zolari maqola va tezislar tayyorlash, xalqaro konferensiyalarda ma’ruza qilish, klinik holatlarni ilmiy tahlil etish hamda ilmiy loyihalarda ishtirok etish bo‘yicha zarur tajribaga ega bo‘lmoqdalar. Ilmiy to‘garak faoliyati iqtidorli talabalarni erta bosqichdan ilmiy izlanishlarga jalb etish, magistratura va doktorantura uchun ilmiy kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi talabalar ilmiy jamiyati a’zolari tomonidan xalqaro hamda O‘zbekiston Respublikasi OAK tasarrufidagi ilmiy jurnallarda maqolalar va tezislar muntazam ravishda chop etilmoqda. So‘nggi besh yil davomida ilmiy to‘garak a’zolari tomonidan 150 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar nashr etildi. To‘garak faoliyati natijasida talabalar respublika va xalqaro ilmiy maydonda munosib ishtirok etib, kafedraning ilmiy salohiyati va nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Kelgusida xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi nufuzli ilmiy jurnallarda talabalar ishtirokidagi nashrlar sonini oshirish hamda yosh tadqiqotchilarni tayyorlash kafedraning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.