Kafedra ma'naviy-ma'rifiy ishlari
Globallashuv jarayonida yuz berayotgan voqea va hodisalarni chuqur anglash, har bir jarayonni milliy manfaatlarimiz hamda qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan tahlil qilish va uning ijobiy jihatlarini yoshlar hayotiga samarali tatbiq etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Buning uchun, avvalo, milliy g‘oya va mafkuramiz mustahkam bo‘lishi, yoshlar ongida vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz aholisining qariyb 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etishi yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralishini taqozo etadi.
Shu bois mamlakatimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviy kamoloti va har tomonlama rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri yosh avlodni zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, yuksak ma’naviyatli, vatanparvar va tashabbuskor shaxs sifatida tarbiyalashdan iboratdir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasida ham yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni ilm-fan, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar bilan shug‘ullanishga keng jalb etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil 19-mart kuni yoshlar masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan beshta muhim tashabbus ilgari surildi:
- Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularning iste’dodini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
- Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismonan chiniqtirish, sport bilan muntazam shug‘ullanishi va o‘z qobiliyatlarini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
- Uchinchi tashabbus – aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali hamda maqsadli foydalanish madaniyatini rivojlantirishni nazarda tutadi.
- To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish va mutolaa an’analarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
- Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, masofaviy ta’limni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi hamda xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarning oldini olish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, gender tenglik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik harakatlarini rivojlantirish hamda ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishlarini rag‘batlantirish bugungi kun ma’naviy-ma’rifiy ishlarining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, tibbiy etika va deontologiya tamoyillariga sodiqlik, insonparvarlik, kasbiy mas’uliyat, kommunikativ madaniyat va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish ham muhim vazifa hisoblanadi. Bo‘lajak shifokorlarda bemorlarga nisbatan mehr-oqibat, yuksak kasbiy madaniyat, ilmiy tafakkur hamda uzluksiz kasbiy rivojlanishga intilish sifatlarini shakllantirish ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ajralmas qismidir.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, “Ftiziatriya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri talabalarga nafaqat puxta kasbiy bilim berish, balki ularning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, fuqarolik mas’uliyati, vatanparvarlik ruhini shakllantirish hamda zamonaviy dunyoqarashini rivojlantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni xalqimizning milliy qadriyatlari va davr talablariga mos ravishda tashkil etishdan iboratdir.

Kafedrada ma’naviy-ma’rifiy ishlar universitetning Ma’naviyat va ma’rifat markazi tavsiyalari hamda tasdiqlangan yillik reja asosida tizimli ravishda amalga oshiriladi. Mazkur faoliyat mas’ul professor-o‘qituvchilar tomonidan muvofiqlashtirilib, quyidagi yo‘nalishlarda olib boriladi:
- Talabalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning asarlari, ma’ruzalari, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar hamda qarorlarning mazmun-mohiyati bilan muntazam tanishtirib borish;
- Barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning umuminsoniy, milliy va ma’naviy qadriyatlarga asoslangan dunyoqarashini rivojlantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
- Respublikamizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik islohotlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish;
- Talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyat va profilaktik tafakkurni shakllantirish;
- Talabalarning siyosiy-huquqiy madaniyati, fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirish;
- Dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va madaniy voqealar haqida talabalarni o‘z vaqtida xabardor qilib borish;
- Talabalar jamoasida sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish va mustahkamlash;
- Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ilmiy, ijodiy, sport va madaniy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ularning faol ishtirokini ta’minlash;
- Ilmiy seminarlar, davra suhbatlari, kitobxonlik tadbirlari, ma’naviyat soatlari, uchrashuvlar, volontyorlik va ijtimoiy loyihalarni muntazam tashkil etish;
