Shifokorlik, mashaqqatli va sharafli kasbdir. Jamiyat salomatligida shifokorlarimizning o‘rni beqiyosdir. Shu boisdan ularni qancha e’zozlasak, qancha hurmat ko‘rsatsak oz.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Shifokorlar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Bayramda so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev va Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev barcha sharafli kasb egalarini bayram bilan tabriklab, ularga sog‘lik, salomatlik va faoliyat yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.
Bayram doirasida universitetning bir guruh xodimlar taqdirlanib, ularga “Oliy ta’lim a’lochisi” va “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, universitetda ilmiy va pedagogik faoliyati bilan barchaga namuna bo'lib kelayotgan professor-o'qituvchilar “Yilning eng yaxshi professori”, “Yilning eng yaxshi dotsenti”, “Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi”, “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandilar.
Tadbir bayramona dasturxon atrofida xushovoz xonandalarning chiqishlari va milliy raqslar namoyishi bilan ko‘tarinki kayfiyatda davom etdi.









SamDTU Matbuot xizmati