×
Menu
Close Menu

​“Yangi avlod hamshiralarini tayyorlashda uzluksiz ta’lim” mavzusidagi anjuman o‘tkazildi

  Bugun Kattaqo‘rg‘on Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida “Yangi avlod hamshiralarini tayyorlashda uzluksiz ta’lim” mavzusidagi anjuman o‘tkazildi.

  Anjuman ochilishida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev hamda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimovalar tashkil etilgan tadbirning tibbiy ta’lim sifati hamda o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash tizimini rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Samarqand viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i A.Nasimov va Hamshiralarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori H.Egamovlar ham ishtirok etib, konferensiyaning ta’lim tizimidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Anjuman davomida bugungi kunda hamshiralar tayyorlash tizimida joriy etilgan yangiliklar hamda yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan xorijda malaka oshirish va ish faoliyatini yuritish borasidagi imkoniyatlar xususida tushuntirish va ma'lumotlar berildi.

  Anjumanda hamshiralarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdagi zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan “Hamshiralar tayyorlashning bugungi holati: muammolar va takliflar”, “Tibbiy ta’limda simulyatsion o‘qitishning o‘rni”, “ Zamonaviy innovatsion elektron o‘quv jarayonida tibbiyot o‘qitish tizimida ommaviy tadqiq etish” kabi dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilindi. Shuningdek, anjumanda hamshiralar tayyorlashda jahon tajribasini joriy etish masalasi ham ilgari surilib, tizimda qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda va yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan fikr almashildi.


SamDTU Matbuot xizmati