Kafedraning ilmiy-tadqiqot ishlari
Kafedraning ilmiy-tadqiqot faoliyati sil va o‘pka kasalliklarining dolzarb muammolarini o‘rganish, bolalar va kattalarda sil kasalligini erta aniqlash, latent sil infeksiyasining immunologik hamda molekulyar-genetik xususiyatlarini tadqiq etish, dori vositalariga chidamli silning oldini olish, diagnostika va davolash usullarini takomillashtirish hamda ftiziatriya va pulmonologiya sohasida zamonaviy klinik texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan. Ilmiy izlanishlar fundamental va amaliy tibbiyot yo‘nalishlarini uyg‘unlashtirgan holda sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlariga mos ravishda amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda kafedrada 1 nafar PhD, dotsent, 1 nafar PhD, assistent hamda 1 nafar tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent faoliyat yuritmoqda. Professor-o‘qituvchilar universitet ilmiy-tadqiqot dasturlari, innovatsion loyihalar va grantlarda faol ishtirok etib, doktorlik (DSc) hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan mustaqil izlanuvchilarga ilmiy-uslubiy rahbarlik va maslahatlar berib kelmoqdalar. Kafedrada ilmiy maktabni rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy salohiyatni yuksaltirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
So‘nggi besh yil davomida kafedra xodimlari tomonidan 380 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan monografiyalar, elektron ta’lim resurslari hamda respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etildi. 2025–2026-yillar davomida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallarda 10 ta ilmiy maqola nashr etildi. Ularning aksariyati Q2 va Q4 kvartillariga mansub nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etildi. Mazkur ilmiy ishlar latent sil infeksiyasi, bolalar ftiziatriyasi, sil va COVID-19, dori vositalariga chidamli sil hamda pulmonologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlanib, kafedraning xalqaro ilmiy nufuzi va nashriy faolligini sezilarli darajada oshirdi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Rossiya Federatsiyasining Yaroslavl, Astraxan va Smolensk davlat tibbiyot universitetlari, Izhevsk davlat tibbiyot akademiyasi, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti hamda Belarus Respublikasining «Ona va bola» Respublika ilmiy-amaliy markazi bilan samarali ilmiy hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda. Hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy loyihalar, xalqaro konferensiyalar, ilmiy seminarlar, vebinarlar va davra suhbatlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda. 2026-yil 20-mart kuni Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Astraxan davlat tibbiyot universitetida masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn formatda «Ftiziatriyaning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro ishtirokdagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur ilmiy tadbirda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar. Kafedra dotsenti A.A. Kim «Bir yoshli bolada umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasi ichki limfa tugunlari zararlanishi bilan kechgan birlamchi tarqalgan sil» mavzusida, kafedra assistenti, PhD D.N. Adjablayeva esa «O‘zbekistonda sil bo‘yicha epidemiologik vaziyat» mavzusida ilmiy ma’ruza bilan qatnashdi. Davra suhbati davomida bolalar ftiziatriyasi, sil kasalligining epidemiologik holati, zamonaviy diagnostika, davolash va profilaktika masalalari muhokama qilinib, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.

Kafedrada ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yil noyabr oyida kafedra assistenti D.N. Adjablayeva falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Dissertatsiya natijalari bolalarda latent sil infeksiyasini prognozlash va profilaktikasini takomillashtirishga bag‘ishlangan bo‘lib, tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etildi hamda xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilindi. Hozirgi kunda kafedrada 3 yillik magistratura dasturi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Magistrantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari kafedra professor-o‘qituvchilari rahbarligida hamda Izhevsk davlat tibbiyot akademiyasi tibbiyot fanlari doktori Oleg Yevgenyevich Russkix bilan hamkorlikdagi ilmiy rahbarlik asosida olib borilmoqda. Mazkur xalqaro hamkorlik magistrantlarning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Kafedra xodimlari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari Samarqand viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi hamda Samarqand shahar silga qarshi kurash dispanseri amaliyotiga keng joriy etilgan. Ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalar va amaliy algoritmlar diagnostika, davolash, profilaktika hamda reabilitatsiya jarayonlarini takomillashtirishda samarali qo‘llanilib, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ilmiy ishlanmalar zamonaviy klinik protokollarni takomillashtirish va dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi Samarqand viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi bilan hamkorlikda har yili 24-mart – Butunjahon silga qarshi kurash kuni munosabati bilan respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar hamda profilaktik tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. Ushbu tadbirlar ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni ommalashtirish, zamonaviy diagnostika va davolash yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etish hamda sil kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.