Kafedra o'quv va o'quv-metodik ishlari
Kafedrada pediatriya fakultetining 5–6-kurs hamda davolash fakultetining 4-kurs talabalari “Bolalar xirurgiyasi” fani o‘quv dasturi asosida ta’lim oladilar.
Shuningdek, kafedrada magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim jarayoni zamonaviy pedagogik va klinik yondashuvlar asosida tashkil etilib, bo‘lajak mutaxassislarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va klinik fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.
O‘quv jarayonini tashkil etish
Har bir kurs va fakultet bo‘yicha o‘qitish jarayoni quyidagi tasdiqlangan me’yoriy va o‘quv-uslubiy hujjatlar asosida olib boriladi:
- kvalifikatsion xarakteristika;
- davlat ta’lim standarti;
- o‘quv dasturi;
- o‘quv ishchi dasturi;
- ta’lim texnologiyalari va uslubiy materiallar;
- O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 80-son buyrug‘i asosida kiritilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar;
- tasdiqlangan diagnostika standartlari;
- xalqaro klinik tavsiyalar va qo‘llanmalar;
- zamonaviy ta’lim texnologiyalari, jumladan, grafik organayzerlar, keys-stadi texnologiyasi va loyiha usuli.
Ta’lim jarayonining texnik ta’minoti
Kafedrada o‘quv jarayonini zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash maqsadida telekommunikatsion tizim tashkil etilgan. Mavzularga oid videofilmlar, taqdimotlar, multimedia dasturlari, ma’ruza va amaliy mashg‘ulot materiallari markaziy kompyuterga ulangan televizorlar hamda boshqa audiovizual vositalar yordamida namoyish etiladi.
O‘quv dasturining barcha bo‘limlarini qamrab oluvchi, yagona va tizimlashtirilgan o‘quv vizual materiallar bazasi shakllantirilgan. Ushbu bazada o‘quv jarayonida foydalanish uchun mo‘ljallangan skanerlangan tasvirlar, diagnostik materiallar, klinik tasvirlar va boshqa elektron resurslar jamlangan.
Kafedra kutubxonasi
Kafedrada maxsus o‘quv kutubxonasi mavjud bo‘lib, unda o‘zbek, rus va ingliz tillarida 80 dan ortiq o‘quv adabiyotlari jamlangan.
Elektron kutubxona tarkibiga darsliklar, atlaslar, o‘quv qo‘llanmalar, o‘quv-uslubiy materiallar va boshqa elektron ta’lim resurslari kiradi. Mazkur resurslar talaba, magistrant, klinik ordinator va kafedra xodimlarining mustaqil ta’lim va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Zamonaviy pedagogik va klinik ta’lim texnologiyalari
Kafedrada talabalarga umumiy amaliyot shifokorining kundalik faoliyatida zarur bo‘ladigan zamonaviy ilg‘or pedagogik va klinik texnologiyalar asosida ta’lim beriladi.
Mashg‘ulotlar davomida turli vaziyatli o‘yinlar, savol-javoblar, klinik vaziyatli masalalar va keyslar qo‘llaniladi. Talabalar klinik holatni tahlil qilish, asosiy va differensial tashxis qo‘yish, qo‘shimcha tekshiruv usullarini tanlash hamda davolash taktikasini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydilar.
Shuningdek, oilaviy poliklinika sharoitida bemorlarni kuzatish, dispanser nazorati, profilaktik tadbirlarni tashkil etish va reabilitatsiya usullarini qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur ta’lim yondashuvlari talabalarda mustaqil klinik fikrlash, amaliy qaror qabul qilish, kasbiy mas’uliyat va zamonaviy tibbiyot talablariga muvofiq ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.