Xalqaro hamkorlik
Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro aloqalarni rivojlantirish konsepsiyasi xalqaro ta’lim makoniga keng integratsiyalashuv va universitetning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan. Xalqarolashtirishning asosiy yo‘nalishlari xorijiy davlatlardan tahsil olish uchun kelayotgan talabalar sonini oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, ikki tomonlama diplom olish imkonini beruvchi qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishdan iborat.
Har yili xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, o‘quv jarayonini takomillashtirish, malaka oshirish, tajriba almashish hamda xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etish maqsadida 1-son Bolalar xirurgiyasi kafedrasiga xorijiy davlatlardan yuqori malakali mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilarning tashriflari tashkil etib kelinmoqda.
Kafedrada akademik mobillik dasturlari doirasida MDH davlatlarining nufuzli tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan Zoom onlayn platformasi orqali muntazam ravishda ma’ruzalar va vebinarlar tashkil etiladi. Jumladan, Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi professori V.V. Pozdeyev, Boshqirdiston davlat tibbiyot universiteti professori V.U. Sataev, dotsentlar G.G. Latipova va O.G. Afanaseva, Chelyabinsk shahridan professor I.A. Abushlin hamda Kirov davlat tibbiyot universiteti professori M.P. Razinning ma’ruzalari talabalar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
Shuningdek, kafedra professor-o‘qituvchilari, jumladan professor D.O. Atakulov va professor Sh.A. Yusupov akademik mobillik doirasida Rossiya va Tojikistonning nufuzli tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalariga ma’ruzalar va o‘quv mashg‘ulotlarini olib bormoqdalar.
Hamkorlik geografiyasi
Bugungi kunda kafedra yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarning 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ta’lim, ilmiy va amaliy yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalariga ega.
Kafedraning xalqaro hamkorlik geografiyasiga quyidagi davlatlar kiradi:
- Rossiya Federatsiyasi;
- Tojikiston Respublikasi;
- Qozog‘iston Respublikasi;
- Qirg‘iziston Respublikasi.
Xalqaro hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvi, qo‘shma ma’ruzalar va vebinarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etish, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda zamonaviy pedagogik va klinik tajribalarni o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Kafedraning xalqaro aloqalarini kengaytirish ta’lim va ilmiy faoliyatning xalqaro standartlar asosida rivojlanishiga, talabalarning xalqaro akademik muhitdagi ishtirokini kuchaytirishga hamda bolalar xirurgiyasi sohasida xalqaro ilmiy va klinik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.