Xalqaro hamkorlik
Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-son Akusherlik va ginekologiya kafedrasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ta’lim, ilmiy-tadqiqot va klinik faoliyatni xalqaro hamkorlik asosida rivojlantirish, xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan professional aloqalarni kengaytirishdan iborat.
Kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, dotsent Xudoyarova D.R. rahbarligida xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-pedagogik markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida akademik mobillik, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro seminar va vebinarlarda ishtirok etish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini muhokama qilish hamda ilg‘or pedagogik tajribalarni ta’lim jarayoniga joriy etish belgilangan.

Kafedraning Qozog‘iston Respublikasidagi Astana tibbiyot universitetining Akusherlik va ginekologiya kafedrasi bilan ilmiy-pedagogik hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur hamkorlik doirasida akademik mobillik dasturlari amalga oshirilib, xorijiy mutaxassislarning kafedra o‘quv jarayonidagi ishtiroki ta’minlanmoqda. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasidan PhD, dotsent Smailova L.K. ishtirokida 36 soatlik dars mashg‘ulotlari, ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari va vebinarlar tashkil etilgan.

Mazkur tadbirlar davomida akusherlik va ginekologiyaning zamonaviy masalalari, klinik holatlarni boshqarish, diagnostika va davolashning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy mutaxassislarning kafedra o‘qituvchilari va talabalar bilan bevosita muloqoti xalqaro tajribani o‘quv jarayoniga integratsiya qilish imkonini bermoqda.
Kafedra professor-o‘qituvchilari va magistrlari ham xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. So’ngi 3 o‘quv yili davomida akademik mobillik dasturi doirasida kafedra magistri Shopulotova Z.A. kafedra mudiri Xudoyarova D.R. bilan birgalikda Tojikiston davlat tibbiyot universitetida tashkil etilgan 18 soatlik dars mashg‘ulotlarida ishtirok etgan. Ushbu tashrif davomida ta’lim jarayonini tashkil etish, klinik fanlarni o‘qitish va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha tajriba almashilgan.
Kafedra Rossiya Federatsiyasining yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan ham muntazam ilmiy-pedagogik aloqalarni olib bormoqda. Kafedra mudiri Xudoyarova D.R. va professor Zokirova N.I. tashabbusi bilan rossiyalik mutaxassislar ishtirokida onlayn va oflayn formatlarda seminarlar, vebinarlar, davra suhbatlari hamda mahorat darslari tashkil etib kelinmoqda. Bunday tadbirlar xalqaro tajribani o‘rganish, klinik protokollar va zamonaviy davolash taktikalari yuzasidan fikr almashish uchun muhim ilmiy platforma vazifasini bajarmoqda.
Xususan, I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan tuzilgan hamkorlik memorandumi doirasida kafedra xodimlari va talabalari akademik mobillik dasturida ishtirok etgan. Tashrif davomida ishtirokchilar Moskva shahridagi tibbiyot universitetining klinik va o‘quv bazalari, zamonaviy simulyatsion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishgan. Ta’lim jarayonini tashkil etish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, simulyatsion texnologiyalardan foydalanish va klinik tayyorgarlikni takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashilgan. Samarqand davlat tibbiyot universiteti vakillari tomonidan ham leksiya va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilib, o‘zaro ilmiy-pedagogik tajriba almashinuvi amalga oshirilgan.
Kafedraning xalqaro hamkorlik faoliyati faqat o‘quv tadbirlari bilan cheklanib qolmay, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishini ham qamrab oladi. Professor-o‘qituvchilarning xorijiy hamkasblar bilan ilmiy muloqotini kuchaytirish, qo‘shma ilmiy maqolalar va tadqiqot loyihalarini tayyorlash, xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish hamda zamonaviy ilmiy metodologiyalarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kafedra professor-o‘qituvchilari xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar, kongresslar, seminarlar va vebinarlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ushbu faoliyat natijasida kafedra xodimlarining ilmiy va kasbiy kompetensiyalari oshib, xalqaro sertifikatlar soni 200 dan ortiqni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich kafedraning xalqaro ta’lim va ilmiy makonga integratsiyalashuv jarayoni izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Kafedra professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida xalqaro grantlar, ta’lim dasturlari va ilmiy fondlar tanlovlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Erasmus+, GIZ, TIKA, JICA, KOICA, KOFIH kabi xalqaro tashkilotlar va ta’lim fondlari bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish, tegishli loyihalarda ishtirok etish hamda professor-o‘qituvchilarning xorijiy malaka oshirish dasturlarida qatnashishini kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
