×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida xalqaro ilmiy-amaliy seminar va davra suhbati o‘tkazildi

  SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi Sog‘liqni saqlash sohasidagi Turkiyaning eng yetakchi klinikalaridan biri hisoblanuvchi Acibadem klinikalari tarmog‘i bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. 2024-yil 19-dekabr kuni markazda Istanbul shahridagi Acibadem Altunizade xospitali Neyroxirurgiya departamenti yetakchi mutaxassisi, professor Koray Ozduman ishtirokida “Bosh miya neyroxirurgik kasalliklarini stereotaksik radioxirurgik usulda davolash” mavzusida ilmiy-amaliy seminar va davra suhbati tashkil etildi.

  Ilmiy-amaliy davra suhbatida professor Koray Ozduman neyroxirurgiyada stereotaksik radioxirurgik yo‘l bilan davolanuvchi kasalliklar, Gamma-Knife apparati,  uning ishlab chiqarilishi va qo‘llanilishi, uning afzalliklari, operatsiyalarga ko‘rsatmalar va qarshi ko‘rsatmalar haqida batafsil ma’lumot berib, ilmiy ma’ruza qildi. So‘ngra PhD, dotsent M.A. Aliyev markazning tajribasidagi Gamma-Knife va Cyber-knife apparatlarida stereotaksik radioxirurgik yo‘l bilan davolangan bemorlardagi natijalarni namoyish qildi va natijalarni qatnashchilarga to‘liq sharhlab berdi va ushbu davolash usulining ustunliklari haqida to‘xtaldi.

  Ma’ruza so‘ngida tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga ma’ruzachilar tomonidan to‘liq javoblar berildi. Tadbirda 50 ga yaqin tibbiyot mutaxassislari ishtirok etishdi.


SamDTU Matbuot xizmati