Maxsus imkoniyatlar

Ko'rinish

A Oddiy
Kulrang rejim
Rasmsiz

Matn sozlamalari

Shrift: 18
Qator balandligi: 1.6

Matn tekislash

Shrift

Qo‘shimcha

O'qish uchun qulay shrift
O‘qish yo‘riqchisi
Katta kursor

Samarqandda laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi

  2026-yil 30-sentabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti  tomonidan “Hilton Samarkand Regency” mehmonxonasida laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

  Konferensiyani Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Aziz Saydolimovich, hamda “Mindray” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bosh direktorining o‘rinbosari Valentin Anatolyevich Ten qutlov so‘zlari bilan ochib berdilar.

  Anjumanning asosiy qismida laboratoriya diagnostikasi sohasidagi dolzarb masalalar, zamonaviy texnologiyalar va yangi diagnostika usullari haqida ma’ruzalar tinglandi.

  Xususan, Samarqand viloyatida laboratoriya xizmatini tashkil etish, Samarqand davlat tibbiyot universiteti Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining faoliyati, hujayralarning raqamli morfologiyasi va uning differensial diagnostikadagi imkoniyatlari haqida fikr almashildi.

  Shuningdek, autoimmun gemolitik anemiya vaqtida jigar zararlanishining klinik-laborator diagnostikasi, o‘sma markerlarini tahlil qilish, laboratoriya tekshiruvlarida yangi texnologiyalar va avtomatlashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

  Bundan tashqari, nafas olish organlari sili retsidivlarining klinik kechishini baholashda biomarkerlar va immunobiokimyoviy markerlarning o‘rni, oqim sitometriyasi yordamida eritrotsitlarni tekshirishning zamonaviy usullari yuzasidan ham ma’ruzalar qilindi.

  Konferensiyada O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan bir qatorda Rossiya va Qozog‘istondan tashrif buyurgan soha vakillari ham ishtirok etib, laboratoriya diagnostikasining bugungi holati, zamonaviy texnologiyalar va amaliy tajribalar yuzasidan fikr almashdilar.

  “Aniq diagnostika — zamonaviy davolashning asosidir” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur xalqaro konferensiya mutaxassislar uchun o‘zaro tajriba almashish, yangi bilim va yondashuvlarni muhokama qilish hamda laboratoriya diagnostikasi yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘ldi.


  SamDTU Matbuot xizmati