Samarqand davlat tibbiyot universitetida Ilmiy kengashning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi: Ta'lim sifati va yangi islohotlar muhokamasi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2026/2027-o‘quv yilining 2-son Ilmiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori, professor Jasur Rizayev raisligida o‘tgan yig‘ilishda prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda kengash a’zolari ishtirok etdi.
Kengash avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng, davlatimiz rahbarining ta’lim sohasidagi islohotlar, erishilgan yutuqlar hamda galdagi dolzarb vazifalar haqidagi fikrlari jamoa e’tiboriga havola qilindi.
Tibbiyot ta'limida kutilayotgan muhim o'zgarishlar
Yig'ilishda Prezidentimiz tomonidan rektorlar oldiga qo'yilgan qat'iy talablar va ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan yangi vazifalar atroflicha muhokama qilindi:
- Zamonaviy darsliklar ehtiyoji: Transplantologiya, robot xirurgiyasi, kam invaziv jarrohlik va biomuhandislik kabi jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlar uchun xorijiy hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy o‘quv adabiyotlari tayyorlashni kechiktirmaslik vazifasi qo'yildi.
- Amaliyotga yo'naltirilgan ilm-fan: Bitiruv ishlari va dissertatsiyalar bevosita iqtisodiyot tarmoqlaridagi amaliy muammolar yechimiga qaratilishi shartligi belgilandi.
- Kuzatuv kengashlari islohoti: Davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a’zolarining qariyb 70 foizi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan iborat bo‘lishi, o‘quv dasturlari esa mehnat bozori talabiga moslab to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi ta'kidlandi.
Bayram munosabati bilan universitet rivojiga katta hissa qo'shib kelayotgan fidoyi ustozlar hamda yubiley yoshini qarshilagan professor-o'qituvchilarga tashakkurnomalar topshirildi. Shuningdek, ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan olimlarga PhD hamda fan doktori (DSc) diplomlari tantanali ravishda taqdim etildi.













SamDTU Matbuot xizmati