Samarqand davlat tibbyot universitetida “Craniofacial Consilium” xaqaro kongressi bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahrida 9–10-oktyabr kunlari stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi hamda otorinolaringologiya sohalaridagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan “Craniofacial Consilium” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti mezbonlik qilgan mazkur ilmiy-amaliy kongressda Respublikamiz bbilan bir qatorda Avstraliya, Shveysariya, Finlandiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya va Yevropaning qator davlatlaridan 700 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizaev, Sidney universiteti professori va ortodontiya kafedrasi rahbari M. Ali Darendeliler, shuningdek, xalqaro tibbiyot va stomatologiya sohalari vakillari ishtirok etdi. Ochilish doirasida universitet ilmiy kengashining qarori bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetida yoshlarni tarbiyalash va ilmiy hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun Xitoy Xalq Respublikasi, Shantou universiteti tibbiyot kollejiga qarashli Onkologiya shifoxonasi bosh va bo‘yin xirurgiyasi bo‘limi rahbari, professor PENG HANWEIga hamda Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati ilmiy-tadqiqot klinik instituti (MONIKI) Xirurgik stomatologiya va implantologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor AXMADOVA MALKAN ABDRASHIDOVNAga Samarqand davlat tibbiyot universiteti Faxriy professori unvoni topshirildi!
Anjuman doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti Shveytsariyaning COLTENE/Whaledent AG kompaniyasi hamda Bosniya va Gersegovinaning Tuzla universitet klinik markazi bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan memorandumlar imzoladi.
Ikki kun davom etgan ilmiy dastur stomatologiya, yuz-jag‘ jarrohligi va otorinolaringologiya yo‘nalishlarini qamrab oldi. Plenar majlislar va sho‘ba yig‘ilishlarida tish-jag‘ tizimi kasalliklarini tashxislash va davolash, ortodontik muammolar, implantologiya, rekonstruktiv jarrohlik, eshitish bilan bog‘liq kasalliklar hamda zamonaviy jarrohlik usullari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Xorijiy va mahalliy mutaxassislar o‘z klinik tajribalari, ilmiy ishlanmalari va amaliy kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, raqamli diagnostika, uch o‘lchamli modellashtirish, virtual jarrohlik rejalashtiruvi va navigatsion texnologiyalarning tibbiyot amaliyotidagi o‘rni muhokama qilindi. Bu kabi zamonaviy yondashuvlar murakkab klinik holatlarda aniq tashxis qo‘yish va bemorlar uchun individual davolash strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, “Craniofacial Consilium” kongressining amaliy dasturi doirasida 10-oktyabr kuni SamDTU Ko‘p tarmoqli klinikasida “Live surgery” — jonli jarrohlik amaliyoti tashkil etildi. Mazkur amaliyotda xitoylik professor Hanwei Peng ishtirokida murakkab bo‘yin patologiyasiga oid jarrohlik amaliyoti namoyish etildi.
“Craniofacial Consilium” kongressi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va tibbiyot sohasida yangi ilmiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim ilmiy muloqot maydoni bo‘ldi. Bunday tadbirlar Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro tibbiy hamkorlik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash bilan birga, mahalliy mutaxassislar va yosh tadqiqotchilar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
SamDTU Matbuot xizmati