Xalqaro hamkorlik
Samarqand davlat tibbiyot universitetida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini rivojlantirish hamda ilmiy-ta'limiy aloqalarni mustahkamlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda universitetning Tibbiy profilaktika, jamoat salomatligi va tibbiy biologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari Qozog‘iston Respublikasining nufuzli oliy ta'lim muassasalarida akademik mobillik dasturlari doirasida xizmat safarlarida bo‘lib, qator samarali uchrashuvlar va ilmiy-amaliy tadbirlarni amalga oshirdilar.
2023-yil dekabr oyida Samarqand davlat tibbiyot universiteti professorlari B.E. Tuxtarov, P.N. Fayziboyev, M.U. Valiyeva hamda katta o‘qituvchi Z.K. Bulyaev Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida akademiya rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 2021-yil 9-martda imzolangan Hamkorlik memorandumi asosida ta'lim, ilm-fan va akademik mobillik yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya akademiyaning o‘quv va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishib, gigiyena va epidemiologiya yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarga amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi hamda X Xalqaro yosh olimlar va talabalar konferensiyasida faol ishtirok etdi.

2025-yil aprel–may oylarida esa universitet professor-o‘qituvchilari Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universitetida akademik mobillik dasturi doirasida bo‘lib, mazkur universitetning Tibbiyot fakultetida ma'ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib bordilar. Shuningdek, universitetning xalqaro aloqalar departamenti rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etilib, tibbiyot ta'limini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Tashriflar davomida Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, simulyatsion markazlar, elektron kutubxona tizimlari va ilmiy markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘z navbatida, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan ma'ruza va amaliy mashg‘ulotlar qozog‘istonlik talabalar hamda mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Akademik mobillik dasturlari yakunida Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari mezbon universitetlar tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Mazkur tashriflar Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, tibbiyot ta'limi sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuvini yanada faollashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Universitet kelgusida ham Qozog‘istonning yetakchi tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishni maqsad qilgan.