Samarqand davlat tibbiyot universiteti Oilaviy va preventiv tibbiyot, jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni boshqarish kafedrasida yosh pedagoglar uchun "Tibbiy ta’limda trenerlarni o‘qitish - nazariyadan amaliyotga" mavzusida trening o‘tkazilmoqda.
Treningda RCGP (Shimoliy-Sharqiy London, Buyuk Britaniya) faxriy prorektori va kengashi vakili, professor, Umumiy amaliyot shifokorlari departamenti rahbari, Sharqiy London universiteti birlamchi tibbiy yordam professori, Qirollik umumiy amaliyot shifokorlari kolleji xalqaro akkreditatsiya bo‘yicha tibbiy direktori, Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori Anvar Ali Xon ishtirok etmoqda.
Professor Anvar Ali Xon kattalar o‘qituvchisi xalqaro maqomiga ega bo‘lib, Buyuk Britaniyada va xorijda birlamchi tibbiy yordam shifokorlari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqqan va boshqargan. Uning pedagogikaga qiziqishi nafaqat oilaviy tibbiyot klinikasida, balki diplomdan oldingi va keyingi ta’limda shifokorlarning bilim va ko‘nikmalarini baholashda ham namoyon bo‘ladi. Shuningdek, olim ta’lim va baholash bo‘yicha ko‘plab kitoblar muallifidir.
2025-yilning 19-26-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan treningda Samarqand davlat tibbiyot universiteti xalqaro ta’lim fakultetining 100 dan ziyod o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etmoqdalar.
Trening davomidagi amaliy darslarda tibbiy ta’limda o‘qitish nazariyasi va uslublari, samarali usullari va kutilayotgan ta’lim natijalari haqida ma’lumotlar berilmoqda, shuningdek mashg‘ulotlarni samarali tashkil qilish va mikrota’lim mashqlarini o‘tkazish masalalari o‘rin olgan.
SamDTU matbuot xizmati