×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universitetida yil sarhisobiga bagʻishlangan ilmiy kengash boʻlib oʻtdi

  Joriy yilning 27-dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida joriy yilning soʻnggi ilmiy kengashi boʻlib oʻtdi. Ilmiy kengashni universitet rektori Jasur Rizayev kirish soʻzi bilan ochib berdi hamda kirib kelayotgan yangi 2024-yil bilan barchani tabriklab, ilmiy, shaxsiy va ish faoliyatida barchaga omad tiladi.

  Ilmiy kengash yil sarhisobi, yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yaratilgan yangi imkoniyatlar muhokamasi bilan boshlandi. Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2023-yil davomida ilmiy, amaliy, taʼlimiy va tashkiliy masalalarda koʻplab yutuqlarga erishildi. Jumladan, universitet qoshida zamonaviy, 7-avlod robotlari bilan jihozlangan simulyatsion markazning va L.M.Isayev nomidagi mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti ochildi. Bundan tashqari talabalar uchun xususiy sherikchilik asosida yangi zamonaviy yotoqxona qurib foydalanishga topshirildi.

  Universitetda amalga oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq, oliy taʼlim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education eʼlon qilgan 2023-yil uchun Impact reytingida (THE Impact Rankings 2023) mamlakatimizning 30 ta oliy taʼlim dargohi qatorida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ham eʼtirof etildi va ushbu reytingdan Respublika oliy taʼlim muassasalari ichida 10-oʻrinni oʻrin egalladi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtishimiz joizki, universitet xalqaro reytingda UniRang tizimida Oʻzbekiston boʻyicha birinchi oʻrinni qayd etdi.

  Taʼlim sohasida talabalarga bir qator yengilliklar yangi imkoniyatlar yaratildi. Bu esa talabalarning nafaqat viloyat va Respublika, balki, xalqaro miqyosdagi tanlov va musobaqalarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritishiga zamin yaratdi. Shuningdek, yil davomida Samarqand davlat tibbiyot universiteti koʻplab Respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, olimpiada va talabalar yozgi maktablariga mezbonlik qildi.

  Universitet xalqaro hamkorlik borasida ham katta qadam bilan yurish qilib, yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. Xususan 2023-yilda Samarqand davlat tibbiyot universiteti jahonning bir qator mamlakatlari jumladan Hindiston, Italiya, Rossiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Germaniya, Turkiya, Belorussiya, Xitoy va AQSH davlatlarining taʼlim muassasalari va klinik bazalari bilan hamkorlikda 40 dan ortiq memorandumlarni imzoladi. Xalqaro hamkorlik doirasida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirishda ham katta yutuqlarga erishildi. Shu bilan bir qatorda tibbiyotning zamonaviy sohalari hisoblangan kosmetologiya(Polsha Respublikasi, Slupskdagi Pomeraniya universiteti bilan), Bioinjeneriya va Bioinformatika(Imanuil Kant nomidagi Boltiq federal universiteti bilan) va Menejment, Sogʻliqni saqlash menejmenti(Polshaning Lous universiteti bilan) yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirildi. Shuningdek, kelgusi oʻquv yilidan boshlab Germaniyaning OPASCA tashkiloti bilan “Hamshiralik ishi” yoʻnalishi boʻyicha 2+1 shaklidagi dasturni amalga oshirish, AQSHning Webster universiteti bilan SamDTUda “Tibbiy biologiya” va “Oliy hamshiralik” boʻyicha malakali mutaxassislarni Amerika standartlari asosida tayyorlash borasida kelishuvga erishildi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-oʻqituvchilari va tibbiy xodimlari yil davomida xorijiy mamlakatlarda akademik mobillik doirasida Malaka oshirdilar. Amaliy tibbiyotda ham universitetda koʻplab yutuqlarga erishildi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetining koʻp tarmoqli klinikasida Istanbul shahridagi Medical Park tibbiyot markazi bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti Koʻp tarmoqli klinikasining Neyroxirurgiya boʻlimida Rentgen-radiologiya boʻlimi shifokorlari bilan birgalikda ilk marta ultratovush tekshiruvi (UTT) apparatidan intraoperastion neyronavigatsiya sifatida foydalanildi. Bosh miyaning peshona bazal sohasida joylashgan intraserebral oʻsmani olish operatsiyasida UTT apparatidan neyronavigatsiya sifatida foydalanilib, oʻsmaning qolgan qismlari aniqlandi va maksimal total olishga erishildi. Bundan tashqari Samarqand davlat tibbiyot universiteti qoshidagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ilmiy-amaliy markazida Parkinson kasalligini “chip” oʻrnatish yoʻli bilan davolash yoʻlga qoʻyildi.

  Shuningdek, ilmiy kengash doirasida universitet kafedralari tomonidan hudud aholisining salomatligini mustahkamlash hamda sogʻlom turmush tarzini yuritish, SamDTU ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash holati, mavjud muammolarni oʻrganish natijasi. Ilmiy maqolalar va ilmiy ishlarning xalqaro talablarga mosligi, oʻquv-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatining tahlili, Universitet Xotin-qizlar kengashi faoliyati yuzasidan maʼruzalar tinglandi.

  Kengashda ilmiy darajalarni qoʻlga kiritgan oʻqituvchilarga attestat va diplomlari hamda maqolalari SCOPUS bazasiga kiritilgan jurnallarda chop etilgan professor-oʻqituvchilarga pul mukofotlari topshirildi.

SamDTU matbuot xizmati