Ilmiy to'garak
Samarqand davlat tibbiyot universiteti Psixiatriya, tibbiy psixologiya va narkologiya kafedrasi huzuridagi "Yosh psixiatrlar" talabalar ilmiy jamiyati ilmiy izlanishlarga qiziqadigan, kasbiy mahoratini oshirish va klinik tafakkurini rivojlantirishga intiladigan talabalarni birlashtiruvchi zamonaviy ilmiy-ta'limiy platformadir. Jamiyatning asosiy maqsadi yosh tadqiqotchilarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot madaniyatini shakllantirish, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini keng targ‘ib etish hamda bo‘lajak shifokorlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishdan iborat.
Jamiyat faoliyati "Ustoz – shogird" tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, har bir professor-o‘qituvchi ilmiy izlanish olib borayotgan talabalarga ilmiy rahbarlik qiladi. Talabalar ilmiy maqolalar, tezislar va ilmiy loyihalar tayyorlaydi, respublika va xalqaro konferensiyalar, fan olimpiadalari hamda ilmiy tanlovlarda faol ishtirok etadi.
Ilmiy jamiyat yig‘ilishlari har oyning ikkinchi va to‘rtinchi shanba kunlari jamiyat rahbari Xayatov Rustam Batirbekovich boshchiligida muntazam ravishda o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarda zamonaviy psixiatriya, tibbiy psixologiya va narkologiyaning dolzarb muammolari muhokama qilinadi, klinik holatlar tahlil qilinadi, bemorlar kuratsiyasi, differensial diagnostika, davolash va reabilitatsiya tamoyillari o‘rganiladi. Talabalar ilmiy ma'ruzalar va taqdimotlar bilan chiqish qiladi, zamonaviy ilmiy adabiyotlar hamda xalqaro klinik tavsiyalarni tahlil qiladi.
2025–2026 o‘quv yilida jamiyat faoliyati yuqori ilmiy faolligi bilan ajralib turdi. Hisobot davrida kafedra va Samarqand viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi bazasida 20 ta ilmiy yig‘ilish, Samarqand davlat tibbiyot universitetining boshqa kafedralari bilan 3 ta integratsion yig‘ilish hamda Chuvash davlat universiteti bilan 1 ta xalqaro qo‘shma yig‘ilish tashkil etildi.
Jamiyat a'zolari o‘quv yili davomida 8 ta olimpiada diplomi, 4 ta ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok, shuningdek 14 ta ilmiy maqola va tezis chop etish kabi yutuqlarga erishdilar.
Jamiyatning faol a'zolari ilmiy va akademik yutuqlari bilan alohida ajralib turadi.
Numonova Amina — jamiyat sardori, Rektor stipendiyasi sovrindori, 30 ga yaqin ilmiy maqola va tezis muallifi hamda hammuallifi, IELTS 8.0 xalqaro sertifikati sohibasi.
Raxmatova Fotima — "MEROS Pharm" stipendiyasi sovrindori, 20 ga yaqin ilmiy maqola va tezis muallifi va hammuallifi, IELTS 8.0 xalqaro sertifikati sohibasi.
Ganjiyan Narine — "MEROS Pharm" stipendiyasi sovrindori, 25 ga yaqin ilmiy maqola va tezis muallifi va hammuallifi.
Saidmurodov Mahmudali — 15 ta ilmiy maqola va tezis muallifi hamda hammuallifi, respublika va xalqaro talabalar fan olimpiadalarining ko‘plab sovrindori. Ilmiy faoliyatini asosan sud psixiatriyasi yo‘nalishida olib bormoqda.
Bugungi kunda "Yosh psixiatrlar" talabalar ilmiy jamiyati 15 nafar faol a'zoni birlashtiradi. Jamiyat a'zolari ilmiy tadqiqotlar olib borish, maqolalar chop etish, konferensiyalar va olimpiadalarda ishtirok etish, tajribali ustozlardan saboq olish hamda kasbiy mahoratini oshirish imkoniyatiga ega.
Biz ilm-fan taraqqiyoti yoshlarning intilishi, izlanuvchanligi va fidoyiligi bilan bog‘liq ekanligiga ishonamiz. Shu sababli ilmiy izlanishga qiziqadigan, yangi g‘oyalarni amalga oshirishni istaydigan barcha talabalarni "Yosh psixiatrlar" talabalar ilmiy jamiyati safiga taklif qilamiz. Bu yerda siz nafaqat ilmiy faoliyatni boshlaysiz, balki kelajakdagi muvaffaqiyatli shifokor va olim sifatida shakllanish yo‘lida mustahkam poydevor yaratasiz.
Talabalar ilmiy jamiyati rahbari:
Xayatov Rustam Batirbekovich
Telefon: +998 90 600 35 02
E-mail: xayatov.rustam@gmail.com


