Xalqaro hamkorlik
Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro faoliyati oliy ta'limni internatsionallashtirish strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, universitetning jahon ta'lim va ilmiy makonidagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ta'lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda universitetning xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuviga xizmat qiladi.
Internatsionallashtirishning asosiy yo‘nalishlari xorijiy talabalar sonini oshirish, yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan qo‘shma ta'lim hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini kengaytirish, malaka oshirish va stajirovka dasturlarini rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma ta'lim dasturlari va ikki diplom (Double Degree) dasturlarini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Bugungi kunda Samarqand davlat tibbiyot universiteti 60 dan ortiq xorijiy universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Hamkorlik o‘zaro tenglik, manfaatdorlik, tajriba almashish va ilmiy integratsiya tamoyillari asosida rivojlantirilmoqda. Universitet Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika hamda MDH davlatlari oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik mobillik yo‘nalishlarida faol hamkorlik olib bormoqda.
Har yili universitetga xorijiy professor-o‘qituvchilar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar soni ortib bormoqda. Ular ma'ruzalar o‘qish, ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, malaka oshirish hamda uzoq muddatli akademik hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashrif buyuradilar. O‘z navbatida, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ham xalqaro konferensiyalar, ilmiy forumlar va akademik almashinuv dasturlarida muntazam ishtirok etib kelmoqdalar.
Psixiatriya, tibbiy psixologiya va narkologiya kafedrasi universitetning xalqaro hamkorlik faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Kafedra professor-o‘qituvchilari xorijiy ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, xalqaro konferensiyalarda ma'ruzalar bilan qatnashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha izchil ish olib bormoqdalar.
Hozirgi kunda kafedra yaqin va uzoq xorijning 10 dan ortiq yetakchi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan samarali hamkorlik qiladi.
Hamkor tashkilotlar:
- Boshqird davlat tibbiyot universiteti;
- Immanuil Kant nomidagi Boltiq federal universiteti;
- I.N. Ulyanov nomidagi Chuvash davlat universiteti Tibbiyot fakulteti;
- S.D. Asfendiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti;
- Belarus davlat tibbiyot universiteti;
- Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi;
- Oltoy davlat tibbiyot universiteti.
Xalqaro hamkorlikning yorqin namunalaridan biri sifatida 2023-yil 6–8-sentyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Oltoy davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasining rasmiy tashrifini qayd etish mumkin. Delegatsiya tarkibida universitet rektori Irina Sheremetyeva hamda xalqaro aloqalar va raqamli transformatsiya bo‘yicha prorektor Aleksey Rezinkin ishtirok etdilar. Tashrif davomida tibbiy ta'lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik mobillik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy konferensiyalar hamda xalqaro ta'lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kafedraning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati zamonaviy tibbiy ta'lim sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

