Ilmiy to'garak
“Nevrologiya” kafedrasida talabalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish maqsadida “Yosh nevrologlar” nomli talabalar ilmiy to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. To‘garak doirasida muntazam ravishda ilmiy yig‘ilishlar o‘tkazilib, talabalar o‘z tadqiqot natijalarini muhokama qilish va taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universitetida tashkil etiladigan xalqaro va respublika miqyosidagi talabalar ilmiy-amaliy konferensiyalarida nevrologiya yo‘nalishiga bag‘ishlangan alohida sho‘balar faoliyati tashkil etiladi.
Iqtidorli talabalar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalarini qamrab olgan holda olib boriladi. Tadqiqotlarda, xususan, nevrologiya sohasidagi zamonaviy diagnostika va davolash usullari, ilmiy-metodik yondashuvlar, shuningdek, tibbiyotdagi bioetik muammolarga alohida e’tibor qaratiladi. Tayyorlangan ilmiy ishlar respublika miqyosida o‘tkaziladigan talabalar ilmiy-tadqiqot ishlari tanlovlarida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.

Tibbiyot, xususan, nevrologiya yo‘nalishiga qiziqish bildirgan barcha talabalar “Yosh nevrologlar” ilmiy to‘garagi faoliyatiga faol ishtirok etishga taklif etiladi. To‘garak a’zolarining ilmiy izlanishlari, tashabbuslari va erishgan yutuqlari muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlanib, ularning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Kafedra tomonidan ishlab chiqilgan to‘garak dasturi asosida mashg‘ulotlarda talabalarga nevrologiya, somatonevrologiya, neyroreabilitatsiya va psixonevrologiya kabi zamonaviy tibbiyotning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha alohida mavzular yoritib beriladi. Mashg‘ulotlar davomida nazariy bilimlar bilan bir qatorda, mazkur yo‘nalishlarga oid amaliy ko‘nikmalar ham shakllantiriladi. Amaliy mashg‘ulotlar, jumladan, master-klasslar shaklida tashkil etilib, talabalarga zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya usullarini amaliy jihatdan o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Yil davomida amalga oshiriladigan to‘garak faoliyati rejasiga muvofiq, har oyda ikki marotaba kafedraning ma’ruzalar zalida iqtidorli talabalar ishtirokida ilmiy-amaliy uchrashuv va mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Mazkur yig‘ilishlarda talabalar tomonidan tayyorlangan ilmiy ishlar, dolzarb nevrologik masalalar hamda zamonaviy tibbiyotdagi yangiliklar muhokama qilinadi.
To‘garak faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida reja asosida integratsiyalashgan ilmiy to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Yosh nevrologlar” to‘garagi a’zolari xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy mashg‘ulotlar, seminarlar va amaliy uchrashuvlarda ishtirok etib, o‘zaro bilim, tajriba va amaliy ko‘nikmalar almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 
“Nevrologiya” kafedrasida tashkil etilgan talabalar ilmiy to‘garagi faoliyati doirasida har bir talabaning individual qobiliyati, qiziqishi va ilmiy salohiyatini inobatga olgan holda individual yondashuv asosida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Iqtidorli talabalar tegishli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha tajribali ilmiy rahbarlarga biriktirilib, ularning ilmiy-tadqiqot faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirishga ko‘maklashiladi.
To‘garak mashg‘ulotlari davomida tasdiqlangan mavzular bilan bir qatorda, iqtidorli talabalarni fan olimpiadalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va turli ilmiy tanlovlarga tayyorlash bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar ham olib boriladi. Talabalarning ilmiy izlanishlarini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida tezis va ilmiy maqolalarni ilmiy talablar asosida tayyorlash, rasmiylashtirish hamda nashrga tayyorlash ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, talabalarga ilmiy ma’lumotlarni to‘plash, tizimlashtirish va statistik jihatdan tahlil qilish usullari bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar beriladi. Ushbu mashg‘ulotlar talabalarning mustaqil ilmiy izlanish olib borish, olingan natijalarni to‘g‘ri baholash va ularni ilmiy jamoatchilikka taqdim etish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Kafedrada olib borilayotgan ilmiy-amaliy faoliyatning samaradorligini “Yosh nevrologlar” to‘garagi a’zolarining erishayotgan natijalari ham yaqqol namoyon etadi. Jumladan, to‘garakning iqtidorli talabalari bugungi kunga qadar nafaqat respublika miqyosidagi, balki xalqaro fan olimpiadalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va turli ilmiy tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar.
“Nevrologiya” kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan talabalar ilmiy to‘garagi bugungi kunda ham o‘z faoliyatini izchil davom ettirib kelmoqda. To‘garak doirasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy loyihalar hamda talabalarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga qaratilgan faoliyatlar muntazam ravishda takomillashtirib borilmoqda.To‘garak faoliyatiga mas’ul rahbar — Ergashev Suxrob Sayidovich, PhD, assistent. U bugungi kunga qadar 60 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘lib, talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, ularni ilmiy konferensiyalar, olimpiadalar va tanlovlarga tayyorlash hamda ilmiy salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda.

"Yosh Nevrologlar" to’garagining sardori: Mustafayev M., Pediatriya fakulteti 6-kurs talabasi, 10 dan ortiq ilmiy maqolaning muallifi va hammuallifi, 12 ta diplom, 15 ta sertifikat, 4 ta faxriy yorliq, 2 ta minnatdorchilik xati egasi, "rektorlik stipendiyasi" laureati hamda xorijiy (IELTS level C1) serifikati egasi va qolaversa START UP loyixasi g’olibi hisoblanadi.hisoblanadi.
Umuman olganda, “Yosh nevrologlar” talabalar ilmiy to‘garagi talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishini oshirish, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy loyihalarda faol ishtirok etishini ta’minlash hamda kelajakda yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida faoliyat yuritmoqda.


