×
Menu
Close Menu

​Turkiy davlatlar olimlarining neyromodulyatsiya muammolariga bag‘ishlangan uchinchi kongressi o‘tkazildi

  Joriy yilning 22-may kuni Samarqand Citydagi Hilton mehmonxonasida Samarqand neyroxirurgiya maktabining ustozi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mamadaliyev Abdurahmon Mamatqulovich tavalludining 85 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Turkiy davlatlar olimlarining neyromodulyatsiya muammolariga bag‘ishlangan "Tarixiy an’analar va zamonaviy innovatsiyalar uyg‘unligi" nomli uchinchi kongressi bo‘lib o‘tdi.

  Anjumanda Respublikamiz bilan bir qatorda Rossiya, Germaniya, Ukraina, Turkiya, Hindiston hamda boshqa o‘lkalardan soha mutaxassislari va olimlar ishtirok etdi.

  Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev tashkil etilayotgan konferensiyaning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini, xususan neyroxirurgiya va neyromodulyatsiya sohalarini rivojlantirish hamda xalqaro aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

  Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professori Mamadaliyev Abdurahmon Mamatqulovichning ko‘p yillik samarali mehnatlari e’tirof etilib, muborak 85 yoshi bilan qutlandi. Ishtirokchilar tomonidan ustozga uzoq umr va sihat-salomatlik tilandi. Anjuman doirasida Turkiyaning Altinbash universiteti professori Sait Öztürk hamda “O‘zbekiston neyroxirurglar jamiyati prezidenti, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy neyroxirurgiya markazi direktori Kariev G‘ayrat Muratovichga Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Faxriy professori” unvoni topshirildi.

  Kongress davomida surunkali og‘riq, harakat buzilishlari, epilepsiya, neyrodegenerativ kasalliklar va psixonevrologik ixtilollarni davolashdagi yangi imkoniyatlar, jumladan, miyani chuqur stimulyatsiya qilish, orqa miyani stimulyatsiya qilish, periferik neyrostimulyatsiya, neyrointerfeyslar va raqamli texnologiyalar usullariga qaratilgan ma’ruzalar qilindi.


SamDTU Matbuot xizmati