×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Polsha oliygohlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi!

  Samarqand shahrida 13–14 aprel kunlari “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.

  Ushbu yirik ilmiy platformada Samarqand davlat tibbiyot universiteti ham alohida faol ishtirok etib, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarda tashabbuslarni ilgari surishda yetakchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

  Kongress doirasida:

    — universitetlar o‘rtasida mustahkam akademik platformalar yaratish;

    — ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni kengaytirish;

    — akademik mobillikni rivojlantirish;

    — ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

  Kongress doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Słupskdagi Pomeranian universiteti o‘rtasida, shuningdek, Bialystok tibbiyot universiteti bilan ham hamkorlik memorandumlari imzolandi.

  Shuningdek, Polshalik mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universitetiga ham tashrif buyurib, universitetda yaratilgan sharoitlar, ta’lim tizimi hamda o‘quv-laboratoriya xonalari bilan yaqindan tanishdilar.

  Samarqand davlat tibbiyot universitetining Polsha oliygohlari bilan hamkorligi xalqaro maydondagi nufuzni yanada mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘quv va ilmiy jarayonlarga keng joriy etish hamda talaba va mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashabbuslar kelgusida tibbiyot sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirish va global ta’lim makonida munosib o‘rin egallashga xizmat qiladi.

SamDTU Matbuot xizmati