×
Menu
Close Menu

​Abu Ali ibn Sino merosi — yoshlar tafakkurida ilmiy uyg‘onish timsoli

  Insoniyat tafakkuri taraqqiyotida beqiyos o‘rin tutgan buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino nafaqat Sharq uyg‘onish davrining yirik vakili, balki jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Uning ilmiy merosi asrlar osha o‘z ahamiyatini yo‘qotmay, bugungi zamonaviy tibbiyot va ta’lim tizimida ham mustahkam nazariy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

  Manbalarga ko‘ra, alloma tomonidan 450 dan ortiq ilmiy asar yaratilgan bo‘lib, ularning qariyb 240 tasi bizgacha yetib kelgan. Xususan, “Al-Qonun fit-tibb” asari qariyb besh asr davomida Yevropa universitetlarida asosiy qo‘llanma sifatida o‘qitilgani uning ilmiy merosining nechog‘li yuksak e’tirof etilganidan dalolat beradi. E’tiborlisi, Ibn Sino 16 yoshidayoq yetuk tabib sifatida tan olingan hamda amaliy tibbiyotda faoliyat yuritgan. U 29 dan ortiq fan yo‘nalishida izlanish olib borib, ilmga kompleks yondashuvning yorqin namunalarini yaratgan.

  Allomaning ilmiy qarashlarida kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish, gigiyena va to‘g‘ri ovqatlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bugungi kun tibbiyotida ham o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda. Ayniqsa, klinik kuzatuv va tajribaga asoslangan yondashuvi zamonaviy tibbiyot metodologiyasining muhim poydevorlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

  Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida, xususan tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun Ibn Sino hayoti va faoliyati nafaqat tarixiy meros, balki ilmiy va ma’naviy kamolot sari yetaklovchi ibrat maktabidir. Uning ilmga chanqoqligi, izlanishdagi qat’iyati va inson salomatligini oliy qadriyat sifatida ulug‘lagani har bir talaba uchun yuksak mas’uliyat hissini uyg‘otadi.

  Zero, bugungi talaba — ertangi kunning shifokori. Shunday ekan, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni zamonaviy bilimlar bilan uyg‘unlashtirish va amaliyotga tatbiq etish har bir yosh mutaxassisning dolzarb vazifasidir.

  Xulosa o‘rnida aytganda, Abu Ali ibn Sino merosi — bu nafaqat o‘tmish faxri, balki bugun va kelajak taraqqiyotining mustahkam ilmiy poydevoridir. Mazkur merosni asrab-avaylash va davom ettirish esa har bir bilimli, fidoyi va vatanparvar yoshning sharafli burchidir.


SamDTU Matbuot xizmati