×
Menu
Close Menu

​“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining VI-Xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi

  Yurtimizda barcha sohalar singari sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va tibbiy ta’lim sifatini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa mamlakatimizda bir qator yetakchi davlatlarning rivojlangan tibbiyoti bilan tanishish va ular bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga hamda yurtimizda tibbiyotning zamonaviylashuviga xizmat qilyapti desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 

  Bu borada yurtimizda hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga loyiq. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham tibbiy xizmat va ta’limni rivojlantirishda ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining VI Xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi. Universitet tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur nufuzli musobaqa nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazish va ularni munosib taqdirlashga balki, xalqaro do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishi hamda tibbiyot sohasida jahonning bir qator mamlakatlari bilan yangidan yangi hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga ham turtki bo‘lmoqda.

  Yuqori saviyada tashkil etilgan olimpiadada yurtimiz hamda Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Belorussiya kabi  jahonning o‘ttizdan o‘rtiq davlatlarining oltmishdan ziyod tibbiyot oliygohlaridan 500 dan ortiq talabalar, shuningdek, xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda ko‘plab professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. 

  Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar  vaziri Kongratbay Sharipov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda bir qator xorijiy tibbiyot oliygohlari rektorlari oltinchi bora tashkil etilayotgan xalqaro musobaqaning ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarga omadlar tiladi.

  Ochilishning keyingi qismi bayramona ruhda davom etib, qiziqarli chiqishlar va kuy-qo‘shiqlar barcha ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashdi.

  O‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar 43 ta yo‘nalish bo‘yicha ikki bosqichda, test sinovlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etish orqali bellashdilar. Shu bilan bir qatorda talabalar jahon standartlariga javob beruvchi 7-avlod simuliatsion robotlari orqali o‘z amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Olimpiada doirasida O‘zbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari o‘rasida ham xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

  Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va Respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining ma’ruzalari ham tashkil etildi.

  Olimpiada doirasida talabalar uchun start UP loyihalari tanlovi, Yosh olimlar to'garaklari hamda turli sport musobaqalari ham tashkil etildi.

  Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Turkiyaning yetakchi oliygohlaridan biri bo‘lgan Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik asosida tashkil etilagan qo'shma ta'lim dfasturi doirasida 1-bosqichda tahsil olayotgan talabalarga “Oq xalat kiydirish marosimi” tantanali tarzda tashkil etildi. Marosimda so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda Sog‘liq bilimlari universiteti rektori Kamalettin Aydın barcha talabalarni tabriklab ularga ramziy oq xalatlarni topshirdilar.

  Bundan tashqari Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida xorijiy tillarni o'qitishga moslashgan "Til akademiyasi" markazining tantanali ochilish marosimi tashkil etilib, uning faoliyati haqida ma'lumotlar berildi.

  Mazkur markaz dunyo tillarini o'rganish barobarida tibbiyot xodimlai uchun ushbu tillarda o'z kasbiy faoliyatlarini professional tarzda olib borishlari uchun imkon yaratadi.

  Olimpiadaning yopilish marosimi ham tantanali tarzda tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.


SamDTU Matbuot xizmati