14-16-oktyabr kunlari yurtimizda, xususan Samarqand shahrida O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar doirasida SamDTU Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahridagi Neyroxirurgiya milliy markazi “Kam invaziv neyroxirurgiya” bo‘limi mudiri, umurtqa pog‘onasi va orqa miya kasalliklari bo‘yicha yetuk shifokor Aleynikov Viktor Grigorevich va shu markazning “Qon tomirlar va funksional neyroxirurgiya” bo‘limi shifokori Aydarov Seytjan Ayezxanovich tomonidan “Kam invaziv xirurgiya” mavzusida ilmiy-amaliy seminar hamda master-klass bo‘lib o‘tdi.
Seminar dasturi davomida, dastlab, Aleynikov Viktor Grigorevich so‘zga chiqib, Qozog‘istonda Neyroxirurgiya sohasining rivojlanishi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tgan bo‘lsa, SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Mamadaliyev Abdurahmon Mamatqulovich O‘zbekistonda Neyroxirurgiyaning rivojlanish tarixi va yutuqlari bo‘yicha ma’lumot berdi. So‘ngra seminarning asosiy qismida V.G. Aleynikov tomonidan “Kam invaziv xirurgiya” mavzusida seminar qatnashchilariga ilmiy doklad taqdim etildi. Ushbu dokladda Qozog‘istonning Ostona shahridagi Neyroxirurgiya milliy markazida o‘tkazilgan miniinvaziv operatsiyalar va ularning natijalari taqdim etildi. Berilgan ma’lumotlar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shundan so‘ng, SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Mamadaliyev Abdurahmon Mamatqulovich tomonidan “Spinal neyroxirurgiya” mavzusida hamda kafedra mudiri, PhD Aliyev Mansur Abduxoliqovich tomonidan “Samarqandda miniinvaziv neyroxirurgiya” mavzusida prezentatsiyalar qilindi. Ushbu dokladlarda Markazimiz va Samarqand neyroxirurgiyasining yutuqlari, o‘tkazilayotgan miniinvaziv operatsiyalar va ularning natijalari taqdim etildi. Seminar so‘ngida har bir prezentatsiya yuzasidan ishtirokchilar bilan savol-javob shaklida muloqot o‘tkazildi. Aytish mumkinki, seminar har ikki mamlakat shifokorlari uchun juda foydali bo‘ldi va o‘zaro tajriba almashishda muhim rol o‘ynadi. Seminarda 60 ga yaqin shifokorlar, klinik ordinatorlar va magistr rezidentlari ishtirok etdi.
Seminar yakunlangach Qozog‘istonlik shifokorlar tomonidan 24 nafar bemorda tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Tibbiy ko‘rik davomida Parkinson kasalligi bilan kasallangan 13 nafar bemor va umurtqa pog‘onasi va orqa miya patologiyasi bor 11 nafar bemor tekshirildi hamda kerakli tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari tadbiri doirasida master-klass o‘tkazildi. Aleynikov Viktor Grigorevich va Markazimiz shifokorlari ishtirokida VL4-L5 aro disk churrasi tashxisi qo‘yildan bemorda “VL4-L5 aro disk churrasi mikrodiskektomiyasi” operatsiyasi bajarildi. Ushbu turdagi operatsiya miniinvaziv jarrohlik usuli hisoblanib, maxsus tubulyar retraktor va neyroxirurgik mikroskop yordamida amalga oshiriladi. Aytish joizki, shu turdagi operatsiyalar SamDTU Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida 2022-yildan beri amalga oshirilib kelinmoqda va hozirgi kungacha 500 ga yaqin operatsiyalar bajarilgan. Ushbu master-klass Qozog‘istonlik va O‘zbekistonlik shifokorlar ishtirokida bajarilgan ilk operatsiya bo‘ldi va muvofaqqiyatli amalga oshirildi. Operatsiyadan so‘ng, bemorda kuzatilgan nevrologik og‘riqlar to‘liq yo‘qoldi va hech qanday yetishmovchiliklar (asoratlar) kuzatilmadi.
Ushbu jarrohlik amaliyotidan so‘ng, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi va Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahridagi Neyroxirurgiya milliy markazi o‘rtasida kadrlar tayyorlash hamda hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.
SamDTU Matbuot xizmati