×
Menu
Close Menu

​“Stomatologiyada sun’iy intellekt istiqbollari” mavzusidagi xalqaro kongress oʻtkazildi

  Joriy yilning 6-8oktyabr kunlari Samarqand shahrida “Stomatologiyada sun’iy intellekt istiqbollari” mavzusidagi xalqaro kongress oʻtkazildi. Jahon stomatologlar tashkiloti, Xalqaro stomatologlar assotsiatsiyasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamkorligida tashkil etilgan kongressda mamlakatimiz bilan bir qatorda AQSH, Germaniya, Italiya, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Qozogʻiston , Qirgʻiziston, Tojikiston, Marokash, Finlandiya kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatlaridan 50 dan ziyod mutaxassislar ishtirok etdi.

  Kongress ochilishida soʻzga chiqqanlar tashkil etilgan anjumanning sogʻliqni saqlash tizimini va stomatologik xizmat sifatini yanada oshirish, uni jahon andozalariga moslash hamda sun'iy intellektning diagnostika, davolashni rejalashtirish va o'quv jarayoniga integratsiyalashuvini taʼminlashdagi ahamiyatini alohida taʼkidladilar.

  Kongress davomida stomatologiya sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar va yangi uskunalar namoyishi tashkil etildi . Shuningdek, "Ortodontiyada zamonaviy mikroelementlar", "Tishlar reabilitatsiyasining zamonaviy usullari", "Zamonaviy implantologiyada sun'iy intellekt", "Stomatologiya va taʼlimda sunʼiy intellekt istiqbollari", "Bolalar stomatologiyasi istiqbollari" kabi dolzarb mavzulardagi maʼruzalar tinglanib, mahorat darslari namoyish etildi.

  Shuni ham alohida taʼkidlash joizki kongress doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti va dunyoning yetakchi stomatologik texnologiyalar ishlab chiqaruvchi Planmeca (https://www.planmeca.com/ru/) kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

  Zamonaviy raqamli texnologiyalar va innovatsion o‘qitish usullari orqali stomatologik ta’limni rivojlantirish, qo‘shma loyihalar, seminarlar va konferensiyalar tashkil etish,  texnologik rivojlanishda hamkorlikda ish yuritishga qaratilgan mazkur hamkorlik mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimiga jahon standartlarini joriy etishda muhim oʻrin egallaydi.

  Dunyo stomatologlarini jam qilgan kongress davomida xorijlik hamda Respublikamizning bir qator stomatologlari tantanali ravishda Jahon stomatologlar assotsiatsiyasi aʼzoligiga qabul qilindi.

  “Stomatologiyada sun’iy intellekt istiqbollari” mavzusidagi xalqaro kongress dunyo stomatologlarini qadimiy va navqiron Samarqand shahrida jamlash barobarida xalqaro miqyosda bilim va tajriba almashish maydoni boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi!


SamDTU Matbuot xizmati