Joriy yilning 11-12-sentyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Ko‘p o‘lchovli sud tibbiyoti va patologiya” mavzusidagi V xalqaro ilmiy-amaliy kongress bo‘lib o‘tdi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Turkiyaning TURAZ ilmiy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur kongressda Respublikamiz bilan bir qatorda Turkiya hamda Ozarbayjon mamlakatlaridan ham soha vakillari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Kongress ochilishida so‘zga chiqqanlar tashkil etilgan mazkur anjumanning mutaxassislar tayyorlash darajasini oshirish, ularni yangi bilimlarni o‘zlashtirishiga sharoit yaratish, yangi ilmiy yutuqlar asosida sud tibbiyoti va patologiya fanlarini takomillashtirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Ochilishdan so'ng kongress o'z ishini 5 ta sho'baga bo'lingan holda davom ettirib, "DNK fenotiplash va robot eskizlari", "Sud tibbiyotida Mikrobiologik yondashuvning roli", "Sun’iy Intellektning giyohvandlikni davolashda qo’llanilishi", "Patologiya fanining yangi modellari va tendensiyalari", "Sud-tibbiy ekspertiza jarayonida raqamlashtirishning ahamiyati" va boshqa ko'plab mavzularda dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Kongress ishida sud tibbiyoti va patologik anatomiyaning dolzarb masalalariga, shuningdek, zamonaviy diagnostika va tergov usullarini qo‘llashga alohida e’tibor qaratilib sohaga doir 200 dan ortiq ma’ruza va taqdimotlar qilindi.
“Ko‘p o‘lchovli sud tibbiyoti va patologiya” mavzusidagi V xalqaro ilmiy-amaliy kongressi mamlakatimizda sud tibbiyoti va patologiyaning yanada rivojlanishi, xalqaro tajribalarning joriy etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.


SamDTU Matbuot xizmati