Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Germaniya-Oʻzbekiston tibbiyot forumi doirasida xalqaro neyroxirurgik ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi

  25-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti yangi binosi majlislar zalida Germaniya-Oʻzbekiston tibbiyot forumi doirasida Germaniya neyroxirurglari assosiatsiyasi prezidenti, Xeydelberg universiteti gospitalining neyroxirurgiya klinikasi direktori, professor Andreas Unterberg va SamDTU neyroxirurgiya kafedrasi hamda klinikasi tomonidanKranioserebral va vertebrospinal travmalarning zamonaviy muammolarimavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Xalqaro seminarda 80 dan ortiq mutaxassislar, jumladan neyroxirurglar, travmatolog-vertebrologlar, magistratura rezidentlari, klinik ordinatorlar va talabalar qatnashdilar.

  Xalqaro tadbirda professor Andreas Unterberg, neyroxirurgiya kafedrasi professori, t.f.d. A.M. Mamadaliyev, kafedra mudiri, PhD, dosent M.A. Aliyevlar ilmiy maʼruzalar qilib oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

  Ushbu ilmiy-amaliy seminarda kranioserebral travmalar hamda umurtqa pogʻonasi va orqa miya travmalarining zamonaviy tekshirish va davolash usullari boʻyicha prezentatsiyalar qilindi.

  Professor Andreas Unterberg prezentatsiyasida Germaniya tibbiyotining kranioserebral va vertebrospinal travmalar sohasidagi erishgan yutuqlari, yoʻlga qoʻyilgan yangi neyroxirurgik operatsiya usullari va zamonaviy texnologiyalar yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtdi. Ushbu prezentatsiya seminar qatnashchilari uchun juda foydali boʻldi, koʻplab savollarga tajribalar va misollar asosida javob berildi.

  Seminar soʻngida SamDTU neyroxirurgiya kafedrasi va Germaniyaning Xeydelberg universiteti gospitalining neyroxirurgiya klinikasi oʻrtasida memorandumlar imzolanishi va Germaniya-Oʻzbekiston tibbiyotining oʻzaro integratsiyasi koʻzda tutilgan kelishuvlar amalga oshirildi, bu tarzdagi tajriba almashish, mutaxassislar va boshqa ishtirokchilar uchun juda foydali boʻlganligini taʼkidlandi va professor Andreas Unterbergga minnatdorchilik bildirdi.


SamDTU matbuot xizmati