Pokiston delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 29-oktyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Pokiston Islom Respublikasi Federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha davlat vaziri Vajiha Qamar boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari, xususan, tibbiy ta’lim yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, akademik aloqalarni mustahkamlash hamda xorijiy talabalar uchun yaratilayotgan ta’lim imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro ta’lim maydonidagi o‘rni, xorijiy davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari hamda xalqaro talabalar uchun sifatli tibbiy ta’limni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrifning muhim voqealaridan biri delegatsiya vakillarining universitetda tahsil olayotgan pokistonlik talabalar bilan uchrashuvi bo‘ldi. Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda talabalar o‘zlarining ta’lim jarayoni, universitetdagi akademik muhit, yaratilgan shart-sharoitlar hamda talabalar hayotiga oid fikr-mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Pokiston delegatsiyasining Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, tibbiy ta’limning xalqaro integratsiyasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim muloqot maydoni bo‘ldi.











SamDTU Matbuot xizmati