Kafedra o'quv va o'quv-metodik ishlari
II-Ichki kasalliklar va kardiologiya kafedrasining o‘quv hamda o‘quv-uslubiy faoliyati zamonaviy kasbiy kompetensiyalarga, klinik tafakkurga va amaliy ko‘nikmalarga ega, milliy hamda xalqaro ta'lim standartlari talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
Kafedrada universitetning turli fakultetlari va ta'lim yo‘nalishlari talabalari uchun o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi. Xususan, Davolash fakulteti (6-kurs), Pedagogika psixologiya fakulteti (6-kurs), Stomatologiya fakulteti (3-kurslar), shuningdek, Xalqaro ta'lim fakulteti (6-kurslar) talabalari tahsil oladilar.
Kafedrada quyidagi fanlar o‘qitiladi:
- Ambulator-poliklinik terapiya;
- Ichki kasalliklar;
- Oilaviy shifokorlikda terapiya;
Talabalarni o‘qitish bilan bir qatorda, kafedrada magistratura hamda klinik ordinatura mutaxassislarini tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Ta'lim jarayonida bo‘lajak mutaxassislarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda klinik va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.
O‘quv jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat ta'lim standartlari, namunaviy va ishchi o‘quv dasturlari, bitiruvchilarning malaka tavsiflari hamda tasdiqlangan o‘quv rejalari asosida tashkil etiladi. O‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining amaldagi me'yoriy hujjatlari, zamonaviy klinik protokollar, diagnostika va davolash standartlari hamda nufuzli xalqaro professional tashkilotlarning tavsiyalari inobatga olinadi.
Kafedrada ta'limning amaliy yo‘naltirilgan modelini ta'minlovchi zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalar keng joriy etilgan. O‘quv jarayonida quyidagi innovatsion usullar samarali qo‘llaniladi:
- muammoga yo‘naltirilgan ta'lim (Problem-Based Learning – PBL);
- klinik vaziyatlar tahlili (Case Study);
- bemorlarning klinik tahlili;
- interaktiv o‘qitish usullari;
- multimedia taqdimotlari;
- simulyatsion ta'lim elementlari;
- zamonaviy raqamli ta'lim texnologiyalari.
Kafedrada o‘quv-uslubiy ta'minotni takomillashtirishga alohida e'tibor beriladi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan 5 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta darslik nashr etilgan bo‘lib, hozirgi kunda kafedra mutaxassislik fanlari bo‘yicha zamonaviy darsliklarni chop etish ustida ish olib bormoqda. Barcha o‘quv-uslubiy materiallar muntazam ravishda yangilanib, mt.sammu.uz elektron ta'lim platformasiga joylashtiriladi. Bu esa talabalarga zarur o‘quv resurslaridan istalgan vaqtda foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Tasdiqlangan jadval asosida professor-o‘qituvchilar tomonidan ochiq ma'ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari va o‘quv-uslubiy seminarlar muntazam tashkil etilib, ta'lim sifatini oshirish hamda innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratiladi.
Kafedra zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega. O‘quv auditoriyalari kompyuterlar, multimedia qurilmalari, televizion panellar va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, ular yordamida videodarslar, elektron taqdimotlar, o‘quv filmlari va boshqa zamonaviy ta'lim resurslaridan samarali foydalaniladi. Shuningdek, barcha o‘quv fanlari bo‘limlarini qamrab oluvchi yagona elektron klinik tasvirlar va o‘quv materiallari banki yaratilgan.
Talabalarning mustaqil ta'lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kafedra kutubxonasi faoliyat yuritadi. Kutubxona fondida o‘zbek, rus va ingliz tillarida 30 dan ortiq nomdagi zamonaviy o‘quv adabiyotlari mavjud. Elektron kutubxona tarkibiga darsliklar, atlaslar, o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar, klinik qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar hamda boshqa o‘quv resurslari kiritilgan.
Talabalarning klinik tayyorgarligi kafedraning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Amaliy mashg‘ulotlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida hamda Samarqand bekati birlashgan kasalxonasida hamda kunduzgi statsionar bazalarida o‘tkaziladi. Tajribali professor-o‘qituvchilar rahbarligida talabalar bemorlarni kuratsiya qilish, klinik tekshiruv o‘tkazish, tashxis qo‘yish, davolash va reabilitatsiya tamoyillarini o‘rganadilar. Bunday yondashuv nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, klinik tafakkurni rivojlantirish va bo‘lajak shifokorlarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
O‘quv va o‘quv-uslubiy faoliyatni kompleks tashkil etish natijasida kafedra zamonaviy tibbiyot talablariga javob beradigan, mustaqil klinik fikrlay oladigan, ilmiy izlanishlarga qiziqadigan hamda yuqori kasbiy kompetensiyalarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashni ta'minlab kelmoqda.
