Xalqaro hamkorlik
Bugungi kunda Samarqand davlat tibbiyot universiteti xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or ta'lim texnologiyalarini joriy etish hamda tibbiy ta'lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet dunyoning nufuzli universitetlari, ilmiy markazlari va klinikalari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.Universitet tomonidan 173 ta amaldagi xalqaro memorandum va hamkorlik shartnomalari asosida AQSh, Germaniya, Italiya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Polsha, Litva, Isroil, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma ta'lim dasturlari, ilmiy loyihalar, akademik almashinuv va malaka oshirish dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda universitetda 4 155 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Ular Hindiston, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Afg‘oniston hamda boshqa davlatlardan kelib, xalqaro standartlarga mos ta'lim dasturlari asosida tahsil olmoqda. Xorijiy talabalar uchun zamonaviy o‘quv binolari, simulyatsion markazlar, axborot-resurs markazlari va qulay talabalar turar joylari yaratilgan.
Ta'lim jarayoniga xalqaro tajribani keng joriy etish maqsadida universitetda 151 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi va mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Ular Germaniya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan jalb etilgan bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy tadqiqotlar hamda klinik amaliyotlarda faol ishtirok etmoqda.
Universitetda Rossiya, Polsha va boshqa xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma ta'lim dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda 494 nafar talaba ushbu dasturlar asosida tahsil olib, ikki tomonlama diplom olish imkoniyatiga ega.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti xalqaro ta'lim makoniga integratsiyalashuvni o'zining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali ta'lim sifati, ilmiy tadqiqotlar samaradorligi hamda professor-o'qituvchilarning akademik salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Universitet tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar xalqaro ta'lim standartlarini o'quv jarayoniga keng joriy etishga xizmat qilmoqda.Xalqaro hamkorlik doirasida talabalar uchun akademik almashinuv, qisqa muddatli stajirovkalar, yozgi va qishki maktablar, xalqaro seminarlar hamda ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etish imkoniyatlari yaratilgan. Mazkur dasturlar talabalarning kasbiy ko'nikmalarini mustahkamlash, xorijiy tajribani o'rganish va xalqaro muhitda ishlash kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Universitet xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo'shma ta'lim dasturlarini kengaytirish borasida izchil ish olib bormoqda. Qo'shma dasturlar doirasida o'quv rejalari xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilib, o'quv jarayoniga zamonaviy pedagogik yondashuvlar va innovatsion ta'lim texnologiyalari joriy etilgan. Bu esa bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.