Kiberxavfsizlik va narkojinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan tadbir o'tkazildi
Bugun Samarqand davlat tibbiyot universitetida talabalar bilan kiberxavfsizlik, internetdan xavfsiz foydalanish hamda narkojinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Eldor Tangirov, rektor maslahatchisi Ibrat Qurbonov, shuningdek, Samarqand viloyati IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida talabalarga internet tarmog‘ida uchrashi mumkin bo‘lgan kiberxavflar, firibgarlik holatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, bunday illatlarning inson salomatligi va kelajagiga salbiy ta’siri, huquqiy javobgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, zarur tavsiya va tushuntirishlarga ega bo‘ldilar.







SamDTU Matbuot xizmati