Samarqand davlat tibbiyot universitetida yangi o‘quv yilining ilk Ilmiy kengash majlisi o‘tkazildi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2026/2027-o‘quv yilining 1-son Ilmiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda universitet rektori, professor Jasur Rizayev, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda Ilmiy kengash a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash masalasiga e’tibor qaratildi. Universitet rektori, professor Jasur Rizayev o‘z nutqida mamlakatimiz taraqqiyotining muhim bosqichlarida amalga oshirilgan islohotlarga to‘xtalib, ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida fikr bildirdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu ikki strategik sohada yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, zamonaviy infratuzilmaning shakllantirilishi, tibbiy xizmat sifatining oshirilishi hamda ta’lim mazmunining takomillashtirilayotgani qayd etildi.
Rektor, shuningdek, erishilayotgan natijalar har bir ta’lim va tibbiyot muassasasi jamoasidan yangicha yondashuv, mas’uliyat va tashabbuskorlikni talab etishini ta’kidladi. Bu borada Samarqand davlat tibbiyot universiteti oldida ham muhim vazifalar turgani qayd etildi.
Shundan so‘ng universitetning 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati sarhisob qilindi. Ta’lim sifati, ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlik, klinik tayyorgarlik va professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Ilmiy kengashda tashkiliy masalalar qatorida kadrlar bo‘yicha tayinlovlar ham amalga oshirildi. Ilmiy kengash qaroriga ko‘ra Bobokulov Azamat Uktamovich Samarqand davlat tibbiyot universitetining Klinik (o‘quv) bazalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Xudoyqulov Shahzod Shavkatovich Pedagogika va psixologiya fakulteti dekani lavozimiga tayinlandi.




SamDTU Matbuot xizmati