Markaziy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi tashkil etildi
Bugun tibbiyot taraqqiyotini zamonaviy ilmiy tadqiqotlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, kasalliklarni erta aniqlash, ularning kelib chiqish mexanizmlarini chuqur o‘rganish, individual yondashuv asosida diagnostika va davolash usullarini takomillashtirishda laboratoriya tadqiqotlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Samarqand davlat tibbiyot universitetida yana bir muhim qadam tashlandi. Universitet huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazida Markaziy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev so‘zga chiqib, Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilayotgan mazkur yangi laboratoriyaning nafaqat ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirishi, balki ularning natijalarini amaliy tibbiyotga tatbiq etish imkoniyatlarini ham sezilarli darajada oshirishini alohida ta’kidladi.
Yangi laboratoriyada fundamental va amaliy tadqiqotlarni zamonaviy talablar asosida olib borish, biotibbiyotning dolzarb muammolarini chuqur o‘rganish hamda ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Markaziy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi tarkibida molekulyar biologiya, genomika, mitoxondrial biologiya, hujayralarni kultivatsiya qilish, PZR amplifikatsiyasi va genomik sekvenirlash, DNK ekstraksiyasi, gistokimyo va immunogistokimyo, morfometrik tahlil, oqsillarning fizik-kimyoviy tahlili, biokimyoviy va mikrobiologik tadqiqotlar kabi muhim yo‘nalishlar jamlangan. Ayniqsa, mitoxondrial biologiya yo‘nalishidagi tadqiqotlar hujayra energetikasi, qarish jarayonlari, metabolik kasalliklar, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklar mexanizmlarini chuqur o‘rganish imkonini beradi.
Molekulyar biologiya va genomika yo‘nalishlari esa kasalliklarning genetik va molekulyar mexanizmlarini aniqlash, individuallashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish hamda erta diagnostika usullarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, laboratoriyada biomateriallarni qabul qilish va tayyorlashdan tortib, ularni molekulyar, biokimyoviy, morfologik va statistik tahlil qilishgacha bo‘lgan jarayonlar yaxlit ilmiy tizim asosida tashkil etilgan. Biostatistika va statistik tahlil xonasi esa olingan ilmiy natijalarni zamonaviy usullar asosida qayta ishlash va ularning ishonchliligini baholash imkonini yaratadi.
Markaziy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasining ochilishi yosh olimlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda bu yerda zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xalqaro grantlar va innovatsion loyihalar ustida ishlash, yangi diagnostika va davolash usullarini ishlab chiqish uchun mustahkam ilmiy baza shakllanadi.
Mazkur laboratoriyaning tashkil etilishi universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, yosh olim va tadqiqotchilar uchun zamonaviy ilmiy muhit yaratish hamda xalqaro standartlarga mos tadqiqotlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.










SamDTU Matbuot xizmati