×
Menu
Close Menu

​Toyloq tuman hokimi va toyloqlik talabalar uchrashuvi o‘tkazildi

  Joriy yilning 5-mart kuni “Yoshlar kuni” doirasida Toyloq tuman hokimi hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetining toyloqlik talabalari uchrashuvi tashkil etildi.

  Uchrashuvda so'zga chiqqan Toyloq tuman hokimi  Behzod Raxmatullayev hamda SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev bugungi kunda mamalakatimizda talaba-yoshlarga katta imoniyatlar yaratilayotganligini alohida ta'kidlab o'tdilar. Jumladan, sog'liqni saqlash sohasiga yosh va malakali kadrlarni jalb qilish, ularning ish faoliyati va jamiyatda o'z o'rnini topib ketishiga ko'maklashish, ularga ko'plab imkoniyat va imtiyozlar taqdim etish shular jumlasidan ekanligi e'tirof etildi.

  Shuningdek, uchrashuvda talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning ta'lim hamda o'quv jarayonidan keyingi faoliyatlari borasidagi fikr-mulohazalar tinglandi. Yuzaga kelgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.

  Shu bilan bir qatorda uchrashuv davomida tibbiyot xodimlari uchun tumandagi mavjud ish o‘rinlari hamda imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi. Kelgusida tuman sog'liqni saqlash muassasalarida faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan talabalar bilan alohida suhbatlar tashkil etildi.

  Uchrashuv doirasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining toyloqlik talabalari uchun bir qancha yo‘nalishlarda klinik ordinaturani joriy etish hamda kelgusida kadrlarni tuman sog‘liqni saqlash muassasalariga yo‘naltirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu kelishuv nafaqat tumanda sog'liqni saqlash sifatini oshirish, balki tibbiy ta'lim hamda amaliy tibbiyot o'rtasidagi aloqani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi desak, mubolag'a bo'lmaydi.

  Tadbir davomida bank xodimlari tomonidan ham talabalar uchun ajratiladigan imtiyozli kredit mahsulotlari haqida ham ma’lumotlar berildi.

  Uchrashuv yakunida muloqotda faol ishtirok etgan talaba-yoshlarga tuman hokimligi tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

SamDTU Matbuot xizmati