Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2025-yil 17-oktyabr kuni talabalar ishtirokida “Digital Medicine” yo‘nalishi bo‘yicha Startup tanlovi tashkil etildi. Mazkur tadbir talabalarning raqamli tibbiyot sohasidagi ilmiy-innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish bo‘yicha ilg‘or g‘oyalarni rag‘batlantirish hamda istiqbolli startap tashabbuslarni aniqlashga qaratildi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar tomonidan telemeditsina xizmatlarini takomillashtirish, raqamli diagnostika vositalarini rivojlantirish, klinik qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga yo‘naltirilgan innovatsion startap loyihalar taqdim etildi.
Taqdim etilgan ishlanmalar ekspertlar hay’ati tomonidan ilmiy asoslanganligi, amaliy qo‘llash imkoniyati, texnologik yangiligi hamda sog‘liqni saqlash tizimi uchun ijtimoiy ahamiyati mezonlari asosida batafsil baholandi. Baholash yakunlariga ko‘ra, innovatsion salohiyati yuqori, amaliy joriy etish istiqbollari keng bo‘lgan loyihalar saralab olinib, ularni keyingi rivojlantirish bosqichlariga tavsiya etildi.
Mazkur tanlov universitetda raqamli tibbiyot yo‘nalishida startap madaniyatini kuchaytirish, talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot amaliyoti uchun zamonaviy, samarali yechimlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.





SamDTU Matbuot xizmati