Joriy yilning 17-18-oktyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida professional rahbarlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’lim transformatsiyasi” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda Respublikamiz bilan bir qatorda Rossiya, Belarusiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan vakillar ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tashkil etilgan konferensiyaning sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Westminster xalqaro universiteti, hamda Germaniya hamkorligi tashkiloti bilan birgalikda o‘tkazilayotgan anjumanda tibbiyot va tibbiy ta’limga oid yangiliklar, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashga doir fikr va mulohazalar, jahon tajribasi muhokama qilindi.
Yalpi majlisdan so‘ng anjuman o‘z ishini 5 ta seksiya bo‘yicha davom ettirib, “Yangi avlod boshqaruvchilarini shakllantirish”, “Sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasida uzluksiz ta’lim va tibbiyot assotsiatsiyalarining o‘rni”, “Sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar tahlili”, “sog‘liqni saqlash menejerlarining zamonaviy vakolatlari” va boshqa dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tinglanib, amaliy ko‘nikmalar namoyish etildi.
SamDTU Matbuot xizmati