×
SamMU Education - YouTube
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari Italiya diplomini oladi!

  Joriy yilning 29-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Italiyaning Piza universiteti rektori Riccardo Zucchi tashrif buyurdi. Tashrif davomida martabali mehmon Samarqand davlat tibbiyot universiteti va unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, O‘zbekistondagi Tibbiy ta’lim tizimi va jarayoni haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

  Piza universiteti va Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida keyingi yillarda bir qancha hamkorlik loyihalari amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar orasida akademik mobillik, “Erasmus+” Yevroittifoq granti doirasida ilmiy-amaliy akademik loyihalar yo‘lga qo‘yib kelinmoqda. Shu sababdan, Tashrif munosabati bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetining navbatdan tashqari ilmiy kengash yig‘ilishi tashkil etilib, Piza universiteti rektori Riccardo Zucchiga “Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori” unvoni topshirildi. Shundan so‘ng, Riccardo Zucchi so‘z olib, o‘z so‘zida ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari istiqboliga katta umid bog‘laganini ta’kidlab o‘tdi.

  Navbatdan tashqari ilmiy kengash yig‘ilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Italiyaning Piza universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi xam imzolandi. Memorandumga ko‘ra 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab magistratura bosqichida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Ikki yilga mo‘ljallagan mazkur ta’lim dasturining birinchi bosqichi Samarqand davlat tibbiyot universitetida(1-yil), ikkinchi bosqichini Piza universitetida(1-yilu 3 oy) tahsil olish orqali ham SamDTU ham Piza universiteti diplomini qo‘lga kiritish imkonini beradi. Ta’kidlash joizki Piza universitetining 1-darajali magistrlik diplomi Yevropa ittifoqi davlatlarida faoliyat yuritish imkonini beradi.

  Shuningdek, o‘zaro muzokaralarda ikki tomonlama talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.


SamDTU Matbuot xizmati