Joriy yilning 16-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida "Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari" nomli talabalar va yosh olimlarning 79-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Xitoy, Rossiya, Belarusiya, Turkiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Tojikiston, Boshqirdiston, Ozarbayjon, Gruziya hamda Respublikamizdan 40 ga yaqin oliy tibbiy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari talabalari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Konferensiyaning Samarqand Shahar Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev so‘zga chiqib, tashkil etilgan mazkur konferensiyaning Respublikamizda ilmiy va amaliy tibbiyotning yanada rivojlanishi, xalqaro maydon bilan tajriba almashishning kengayishidagi ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi. Ochilishning keyingi qismi bayramona tarzda kuy-qo‘shiqlar, qiziqarli chiqishlar bilan ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini 24 ta sho‘ba bo‘yicha davom ettirdi. Konferensiya sho‘balarida 660 dan ortiq talabalar va yosh tadqiqotchilarning taqdimotlari namoyish etildi.
Anjuman davomida tibbiyotning ko‘plab dolzarb muammolari bilan bir qatorda “Yosh olimlar klubi” davrasi tashkil etilib, tibbiyotdagi innovatsion g‘oyalar, Start-UP loyihalari muhokama qilindi.
Yakunda anjuman ishtirokchilariga diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, xalqaro anjuman doirasida Akademik I.P. Pavlov nomidagi Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti(Rossiya Federatsiyasi) Umumiy va bioorganik kimyo kafedrasi mudirikimyo fanlari doktori, professor Semenov Konstantin Nikolayevich hamda Naxchivan davlat universiteti rektori Elbrus Isaevga “Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori” unvoni topshirildi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida bo‘lib o‘tgan «Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari» talabalar va yosh olimlar an’anaviy 79- Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi talabalar va yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ularning salohiyati va ilmiy yutuqlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar o‘qitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohalarini rivojlantirish hamda oliygohlarni xalqaro hamkorligini rivoj toptirishga xizmat qiladi.
SamDTU Matbuot xizmati