Hurmatli yurtdoshlar, aziz samarqandliklar!
Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan e’tibor davlatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ma’lumki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiy xizmat sifatini oshirish, zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini joriy etish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi – fuqarolarimiz salomatligiga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va ularni samarali davolashdan iboratdir.
Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, faol jismoniy harakat va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda kam harakatli hayot tarzi, tartibsiz ovqatlanish va boshqa salbiy omillar tufayli ayrim kasalliklar avj olishi kuzatilmoqda. Jumladan, yurak-qon tomir xastaliklari, qandli diabet va surunkali kasalliklarni kelib chiqishi sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik oqibatida ortib borayotgani tashvishlidir. Shu sababli, ushbu kasalliklarning profilaktikasi va ularning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar doimiy ravishda amalga oshirilmoqda. Har bir inson o‘z sog‘ligi uchun mas’uliyatli bo‘lishi, to‘g‘ri ovqatlanish, kundalik jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarzini afzal ko‘rishi jamiyatimiz farovonligining garovi hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur yo‘nalishda viloyatimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi salomatligini yaxshilash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va zamonaviy davolash usullarini joriy etish borasida muhim tashabbuslar amalga oshirilib, sohani rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Bundan tashqari, aholini sohadagi islohotlar bilan tanishtirish, shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilish aholining ishonchini mustahkamlash va ular bilan ochiq hamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bois, bugungi murojaatimizda o‘tgan 2024-yil davomida viloyatimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim o‘zgarishlar va ularning soha rivojiga qo‘shgan hissasi hamda joriy 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy rejalarimizning mazmun va maqsadlari bilan tanishtirsam.
2024-yilda tizimning birlamchi bo‘g‘inida 1 ta Oilaviy poliklinika, 4 ta Oilaviy shifokorlik punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, 2 ta Mahalla tibbiyot punkti va 2020 ta Mahalla tibbiyot brigadalari tashkil etilib, “xonadonma-xonadon” ishlash tizimi joriy etildi. Shuningdek, viloyatda mavjud oilaviy poliklinikalarning 43 tasiga UZI va EKG apparatlari o‘rnatildi. 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, 3 ta Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 3 ta Oilaviy poliklinika, 16 ta Oilaviy shifokorlik punktlari to‘liq ta’mirlandi va 15 turdagi asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Aholi o‘rtasida Skrining tadbirlarini tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, 2024-yil davomida 1 mln 134 ming nafar aholida - kardiologik, 358 ming nafar aholida - sil kasalligi, 484 ming nafar aholida – onkologik va - 1 mln. 134 ming nafar aholi o‘rtasida endokrinologik Skrining tadbirlari o‘tkazildi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tizimi bo‘yicha aytib o‘tadigan bo‘lsak, 2024-yil davomida viloyat tibbit muassasalarida 5899 ta yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi. Shundan 3 800 nafar chet el fuqarolariga xizmat ko‘rsatildi. Tibbiy sug‘urta tizimi orqali 3578 nafar aholiga 40 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 1 mlrd 450 mln. so‘mlik Elektron mikroskop o‘rnatilib, 35 nafar fuqaroning eshitish xususiyati tiklanishi va bu orqali nogironlik kamayishiga erishildi.
Shuningdek, onkologiya yo‘nalishida 27 turdagi ilgari bajarilmagan 5645 ta yuqori-texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Mobil mammograf uskunasi orqali saratoni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida o‘tgan 2024-yil davomida 45-65 yoshdagi 2 188 nafar ayollar o‘rtasida tekshiruvlar o‘tkazilib 29 ta holatda ko‘krak bezi saratoni erta bosqichda aniqlandi.
Bundan tashqari, 3-nafar bemorda autologik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi, 7-nafar bemorda jigar transplantatsiyasi va 98 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Umumiy qilib aytganda, o‘tgan 2024-yilda yuqori texnologik amaliyotlar 995 tadan 3462 taga, operatsiyalar turi esa, 151 dan 181 ga, operativ faollik 62% dan 67,6 % ga oshishiga erishildi.
Viloyatda, sog‘liqni saqlash tizimida qurilish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida - 15 ta tibbiyot obyektlarida 133 mlrd. so‘mlik investitsiya va mahalliy byudjet mablag‘lari asosida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
2025-yilda tibbiyot tizimidagi o‘zgarish va yangiliklar davom etadi, jumladan, 16 ta birlamchi tizim muassasalari tegishli shtat birliklarini ajratgan holda faoliyati qayta tiklanadi. Ya’ni, 5 ta oilaviy poliklinika va 11 ta oilaviy shifokorlik punktlari ochilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek:
- Surunkali kasalligi mavjud 851 114 nafar fuqarolarda sog‘lomlashtirish ishlari olib boriladi;
- aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish maqsadida mahallalarda targ‘ibot ishlari tizimli tarzda (Birlamchi tizim shifokorlari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirokida) tashkil etish;
- 1465 nafar Oilaviy shifokorlarni faoliyatini reyting baholash tizimi joriy etish;
- 150 qatnovga mo‘ljallangan o‘smirlar va talabalar poliklinikasi tashkil etish rejalashtirilgan
Skrining yo‘nalishida
- 1 186 764 nafar 40 va undan katta yoshdagi aholini yurak qon-tomir va qandli diabet kasalligini erta aniqlash;
- 1 459 227 nafar 18-40 yoshdagi aholini profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish va salomatlik holatlarini baholash;
- 170 723 nafar 45-65 yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi bo‘yni saratoni kasalligi tekshiruvlaridan o‘tkazish;
- 200 420 nafar 35-55 yoshdagi bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish;
- 1 218 960 nafar 18 yoshgacha bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
- 2-10 yoshli715 264 nafar bolalarni gelmintozni erta aniqlash;
- 3-18 yoshli 1 178 807 nafarbolalarni onkogematologik kasalliklariga tekshiruvdan o‘tkazish;
- 100 ming nafar homilador ayollarni 3 bosqichli skriningdan o‘tkazish ishlari maqsad qilib olindi.
Ixtisoslashgan tibbiy yordam yo‘nalishida
16 ta markazda 10 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy etish belgilangan. Qolaversa, yo‘nalishlar bo‘yicha muhimligi yuzasidan saralab olingan 120 nafar shifokorni chet el klinikalarida o‘qitish, 100 o‘rinli bolalar tibbiy reabilitatsiya bo‘limi tashkil etish, bolalarda buyrak va koxlear, “suyak iligi” transplantatsiyasi amaliyotlarini joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti.
Shuningdek, jigar va bachadon xavfli o‘smalarida intervension radiologik jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ekstrakorporal urug‘lanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 400 nafar fuqaroda bepul endoprotezlash amaliyotlari bajarish hamda 108 469 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning 6920 nafari (6.3 foizi) to‘liq va qisman reabilitatsiya bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Viloyatdagi 21 ta tug‘uruq muassasalarini 23 turdagi (652 dona) asbob uskunalar bilan ta’minlash ishlari olib boriladi.
Shuningdek, Yaponiyaning “Sojitz Corporation” va Turkiyaning “RNS PPP Sosyal Altyapi API A.S.” korporatsiyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri kapitali evaziga Samarqand shahrida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika tashkil etish rejalashtirilgan. To‘rtta tuman markaziy shifoxonasida xususiy tadbirkorlar hamkorligida 13,5 milliard so‘mlik davlat xususiy sheriklik yoki autsorsing asosidagi zamonaviy diagnostika markazlarini tashkil etish ishlari maqsad qilingan.
Tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazani mustahkamlash borasida joriy 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar quyidagicha.
- 262 ta sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ta’mirlash;
- 5 ta birlamchi tibbiyot muassasalarida homiylik mablag‘lari hisobidan qurilish ishlarini olib borish;
- 50 ta tez tibbiy yordam avtotransport vositalarini yangilash;
- Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Insultologiya” markazini tashkil qilish maqsadida Angiograf moslamasini o‘rnatish;
- “STDHEALTHMED” davolash markazida robottexnologiyayordamida jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish;
- Chet eldan kelayotgan bemorlar sonini 4000 nafardan oshirish borasidagi ishlar rejalashtirildi.
Shuningdek, 2025-yilda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha kafolatlangan paket doirasida reimbursatsiya dasturini ishga tushirish va BTSYOMlar aholi jon boshiga moliyalashtirish, barcha viloyat shifoxonalarida davolangan holat bo‘yicha moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish ishlari olib boriladi.
Shu o‘rinda, Davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish tartiblari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, avvalo, ushbu tizim aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish va aholini davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlarni bepul olishlarini ta’minlash maqsadidagi eng to‘g‘ri qaror ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Zero, ushbu tizim to‘liq joriy etilishi natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va qulayligi oshiriladi, tibbiy yordam hajmini davlat tomonidan kafolatlanishini va shaffofligi ta’minlanadi. Tibbiy xizmatlar uchun norasmiy to‘lovlar darajasi pasayadi. Eng asosiysi, aholini barcha qatlamlarini tibbiy yordam bilan qamrab olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ushbu xizmatlardan foydalanish uchun esa fuqarolar hech qanday shaklda va hech qayerga pul to‘lamaydilar. Fuqarolar davlatga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan davlat tomonidan sug‘urtalanadilar. Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi xolos.
Yana bir asosiy vazifalarimizdan biri bu - korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish kerak deb bilaman. Bugungi kunda tegishli tashkilotlar hamkorligida korrupsiyaga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri choralarni qo‘llanilmoqda. Sohada jinoyatlarning oldini olish, korrupsiyaviy xatarlarning barcha shakllariga qarshi huquqiy asosda kurashish va ochiqlik, hisobdorlikni ta’minlash maqsadida yangi huquqiy normalar hamda mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Har bir fuqaro bu jarayonda ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi mustahkam pozitsiyani qo‘llab-quvvatlashi zarur. Zero, Korrupsiyaga qarshi kurashish, faqat davlat va hokimiyat organlarining emas, balki har bir fuqaroning mas’uliyatidir. Shu bois, sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha islohotlar va tashabbuslar korrupsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyani ko‘rsatish va sohaga aniqlik kiritishga qaratilgan. Biz bu muammoga qarshi birgalikda kurashish, har birimiz ushbu yo‘lda o‘z rolimizni bajarishimiz kerakligini anglaymiz.
Aziz yurtdoshlar!
Insonning o‘z sog‘ligini asrash va unga munosabatini o‘zgartirish muhim ahamiyatga ega. Har bir fuqaro o‘z salomatligining qadriga yetishi, sog‘lom turmush tarzini o‘rganish va amalga oshirish orqali nafaqat o‘zini, balki atrofdagilarni ham yaxshilashga hissa qo‘shadi. Buning uchun esa barchani sog‘lom hayot tarziga, mo‘tadil ovqatlanishga, jismoniy faollikka va o‘z sog‘lig‘iga ahamiyat berishga da’vat etib qolaman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev