Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​9-may – “Xotira va qadrlash kuni” keng nishonlandi

  Fashizmga qarshi urushda mardonavor jang qilgan, og‘ir mashaqqat va musibatlarni  boshdan  kechirgan, tinchligimiz va farovonligimiz yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarimizni yod etish har birimizning burchimizdir. 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” sifatida yurtimizda keng miqyosda nishonlanib kelinadi. Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlandi.

  Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, faxriylar hamda faollar ishtirokida “Motamsaro ona” haykali joylashgan xotira maydoniga jam bo‘linib, o‘tganlar xotirasi yod etildi. Yig‘ilganlar bayram bilan tabriklanib, bugungi kunda yurtboshimiz rahbarligida urush va mehnat fronti faxriylari, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘batlar alohida e’tirof etildi.

  Shuningdek, hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi haqida so‘z yuritildi.

  Tadbir ishtirokchilari tomonidan “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, qahramonlarimiz yod etildi.


SamDTU matbuot xizmati