×
Menu
Close Menu

​AQSHning Webster universiteti delegatsiyasi SamDTUga tashrif buyurdi

  Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi respublika oliy tibbiy ta’lim muassasalar rektorlaridan iborat delegatsiya AQSH oliygohlariga tashrifi amalga oshirilgan edi. Mazkur tashrif doirasida SamDTU rektori, professors Jasur Rizayev Webster universitetida boʻlib oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilib keyingi oʻquv yilidan Webster universiteti SamDTUda “Tibbiy biologiya” va “Oliy hamshiralik” boʻyicha malakali mutaxassislarni Amerika standartlari asosida tayyorlashga koʻmaklashishiga haqida kelishib olingan edi.

  Mazkur kelishuv yuzasidan 9-iyul kuni AQSH Webster universitetining prezidenti Julian Schuster, global kampuslar bo‘yicha bosh direktori Ryan Guffey, Expert consultant Izzat Aripov, Toshkent shahridagi Webster universitetining rektori Vassilis Polimenis va ijrochi direktori Rasul Rahmonovlardan iborat delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi.

  Mehmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, SamDTU rektori Jasur Rizayev, universitetning xalqaro aloqalar ishlar bo‘yicha prorektori Zafar Aminov hamda Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig’i Davronbek Jumaniyazov kutib oldilar.

  Tashrif doirasida olib borilgan muzokaralarda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shu jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti Webster universiteti bilan hamkorlikda “Oliy hamshiralik ishi” yo’nalishi bo’yicha qo’shma ta’lim dasturiga o’qitish bo’yicha kelishib olindi. Shuningdek, akademik mobillik doirasida ikki oliygoh oʻrtasida taʼlim jarayonlarini tashkil etish, malakali mutaxassislarning oʻzaro tajriba almashishlarini yoʻlga qoʻyish va bir qator boshqa masalalar yuzasidan fikrlar almashildi.

  Uchrashuv soʻnggida SamDTU rektori Jasur Rizayev mehmonlarga universitet ramzi tushirilgan esdalik sovgʻalarni tuhfa etdi.




SamDTU Matbuot xizmati