×
Menu
Close Menu

​SamDTUda “Rektor va iqtidorli talaba-yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi

  Soʻnggi yillarda respublikamizda iqtidorli yoshlarni nufuzli milliy hamda xalqaro olimpiada, musobaqalar va tanlovlarda salmoqli natijalarga erishishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham iqtidorli yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, qoʻllab quvvatlash va ragʻbatlantirilish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

  24-fevral kuni Samarqand davlat tibbiyot universitet rektori, professor Jasur Rizayev bir guruh faol yoshlari bilan uchrashuvi oʻtkazildi. Oʻzlarining kirish soʻzlarida J.A.Rizayev Prezidentimizning yoshlarga bildirgan fikrlari, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil gapirib berdi.

  Uchrashuv davomida universitet talabalari safidan “Rektor stipendiyasi”ni 2022/2023 oʻquv yili boʻyicha 35 nafar gʻoliblari, Universiteti qaramogʻidagi kasb-hunar kollejlari va texnikumlardan 9 nafar oʻquvchiga “Rektor stipendiyasi”, “Virtuosos of Medicine” xalqaro onlayn tanlovini 8 nafar gʻolibi, “II Xalqaro talabalar ilmiy konferensiyasi” tanlovini 15 nafar gʻoliblari, Oʻzbekiston jurnalistlari va blogerlari “Tamakisiz kelajak sari!” ijodiy ishlari tanlovi 2022-yildagi “Oʻzbekiston yoshlari tamakiga qarshi!” — ijtimoiy media maydonida yoshlar tomonidan yaratilgan eng yaxshi materiallar” nominatsiyasi, Oʻzbekiston vrachlar assotsiatsiyasining tibbiyot oliygohlari talabalari uchun taʼsis etilgan stipendiyasini qoʻlga kiritgan talaba-yoshlarga tantanali ravishda diplomlar va sertifikatlar topshirildi.

  Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Yil talabasi-2022” tanlovining — “Yilning oʻz mutaxassisligi boʻyicha eng bilimdon talabasi”, “Yilning eng faol sportchi talabasi”, “Yilning eng faol iqtidorli talabasi”, “Yilning eng faol ijodkor talabasi”, “Yilning eng faol targʻibotchi talabasi”, “Yilning eng faol ixtirochi-talabasi innovator”, “Yilning eng faol tadbirkor talabasi” kabi nominatsiyalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bir guruh yoshlar ham taqdirlandilar.

  Muloqot davomida Jasur Rizayev talaba-yoshlarni yanada faollikka chorlab, fakultetlarda jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga, ijtimoiy tarmoqlarda fakultetlar hayotini faolroq yoritishga chaqirdi. Talabalarimiz xalqaro olimpiada va koʻrik-tanlovlarda qatnashish orqali universitet nufuzini yanada oshirish masalasi alohida taʼkidlandi. Uchrashuv samimiy va doʻstona ruhda oʻtkazildi, talabalar oʻzlarining fikr-mulohazalari, takliflari va kelajakdagi rejalari haqida gapirdilar.

  Iqtidorli yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun tashkillashtirilayotgan bu kabi tadbirlar ularning ilmiy-maʼrifiy sohalardagi faoliyatlarini oshirishga xizmat qilib, kelajakda yanada yuqori marralarni egallashga undaydi.



SamDTU matbuot xizmati