Top.Mail.Ru
×
Menu
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi
Close Menu

Samarqandda tarqoq skleroz bo‘yicha turkiy davlatlarning IV xalqaro kongressi ish boshladi

6-iyun kuni Samarqand Davlat Tibbiyot Universitetida tarqoq skleroz bo‘yicha turkiy davlatlarning IV xalqaro kongressi o‘z ishini boshladi. Anjuman ishida Turkiya, Shimoliy Kipr, Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va mamlakatimizning oliy tibbiy o‘quv yurtlari hamda yetakchi ilmiy-amaliy markazlarining mutaxassislari ishtirok etmoqda.

  Tarqoq skleroz kasalligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan anjuman dastlab 2019 yilda Turkiyaning Gulxane universiteti meditsina fakultetida turkiy davlatlarning vakillari ishtirokida o‘tkazilgan edi. Mazkur tadbirda kongressni har yili G‘arbiy va O‘rta Osiyo davlatlarining birida o‘tkazishga kelishib olingan. Kongressni o‘tkazishdan asosiy maqsad tarqoq skleroz kasalligining diagnostikasi, davolash va reabilitatsiyasi borasida erishilgan yutuqlar, innovatsion yondashuvlar, mazkur kasallikka tegishli tibbiyotda mavjud muammoli holatlar va ularni yechish yo‘llarini muhokama qilish, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, xalqaro miqyosda nevrolog-olimlar muloqotini o‘rnatish va rivojlantirishdan iborat.

  Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti Jasur Rizayev, Tibbiyot bilimlari universiteti (Istanbul, Turkiya) rektori Erdöl Cevdet, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori Botir Daminov, mazkur institut professori, Yevro-Osiyo Fanlar Akademiyasi muxbir-a’zosi Yoqutxon Majidova, Turkiyaning bir qator yetakchi nevrolog-olimlari, shu jumladan professor Demirkaya Şeref, professor Gülhane Eğitim Araştırma Hastanesi, professor Efendi Hüsnü va dotsent Feyzioğlu Aynur so‘zga chiqib, mazkur xalqaro konferensiyani tarqoq skleroz va boshqa nevrologik kasalliklarni davolashni takomillashtirishda, bu borada xalqaro aloqalar va olimlarning o‘zaro muloqoti muhimligini e’tirof etishdi.

  Anjuman ishi sessiyalar yig‘ilishlarida davom etdi. Muhokamalarda yetakchi nevropatolog, neyroreabilitolog, neyropsixolog, neyroreanimatolog, rentgen-radiolog olimlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, terapevtlar, allergologlar, akusher-ginekologlar, gastroenterologlar va boshqa tor soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

  Kongressda tarqoq skleroz bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan neyroreabilitatsiya tadbirlari va nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan yordam turlarini kengaytirish, turli diagnostik usullardan foydalanish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash kabi keng qamrovli masalalar muhokama etilmoqda. Bundan tashqari, irsiy moyillikka ega bo‘lgan tarqoq skleroz kasalligining muammolari bo‘yicha ikki tomonlama davra suhbatlari, munozaralar, ommaviy axborot vositalari uchun brifinglar o‘tkazish rejalashtirilgan.

  Tarqoq skleroz bo‘yicha turkiy davlatlarning IV xalqaro kongressi 10 iyungacha davom etadi. Yakuniy sessiya Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

SamDTU matbuot xizmati