Top.Mail.Ru
×
Menu
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasini Pittsburg universitetiga tashrifi

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Amerika Qoʻshma Shtatlarining Pittsburg universiteti oʻrtasida oliy tibbiy taʼlim, ilmiy faoliyat, akademik almashinuv dasturlari doirasida yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan boʻlib, bugungi kunda hamkorlikda qator yoʻnalishlarda faoliyat olib borilmoqda.

  Pittsburg Universiteti tibbiyot sohasidagi taʼlim dasturlari va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlari yuqori sifat darajada tashkil etilganligi sababli xalqaro reyting agentliklar maʼlumotiga koʻra jahonning “Top-200” universitetlari qatoridan joy olgan.

  Hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida, Pittsburg universitetining taklifiga binoan joriy yilning 27-mart – 7-aprel kunlari Universitetning rektori – Jasur Alimdjanovich Rizayev boshchiligidagi delegatsiyasi Pittsburg Universitetiga rasmiy tashrifni amalga oshirdi.

  Tashrifning asosiy maqsadi Pittsburg universitetining oliy tibbiy taʼlimni tashkil etish boʻyicha tajribasini oʻrganish va ushbu sohada hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish boʻldi.

  Pittsburg universitetiga tashrif davomida delegatsiya aʼzolari universitetning Tibbiyot maktabi (fakulteti) maʼmuriyati bilan uchrashuv oʻtkazib, unda hamkorlikning barcha qirralari boʻyicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

  Tashrif davomida Pittsburg universitetining simulyatsion markazi hamda oʻquv jarayonida standartizatsiyalangan bemorlarni tayyorlov markazi faoliyati oʻrganildi hamda onlayn va anʼanaviy oʻquv mashgʻulotlarining tashkil etilish jarayoni bilan tanishildi.

  Pittsburg universitetining Tibbiyot maktabi 2022 yilda moddiy texnik bazasi va oliy tibbiy taʼlim dasturlarini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar rejalashtirilgan boʻlib, universitetning tibbiyot yoʻnalishlari boʻyicha bosh maslahatchisi prof. Anantxa Shekxar tomonidan bu boʻyicha hamda universitetning fundamental tadqiqotlar markazi faoliyati yuzasidan batafsil maʼlumotlar berdi.

  Tashrif davomida Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Pittsburg universiteti oʻrtasida akademik mobillik, ilmiy yoʻnalishlarda almashinuv dasturlar hamda moddiy texnik bazalarni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamkor Pittsburg Universitetiga koʻrsatilgan samimiyat va mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorchilik bildiradi.




SamDTU matbuot xizmati