Top.Mail.Ru
×
Menu
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi
Close Menu

​Turkiya universiteti rektoriga faxriy professor unvoni berildi

  26-yanvar kuni Samarqand davlat tibbiyot institutiga Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan Turkiya oliygohlarning rektorlari tashrif buyurdilar. Turkiya Respublikasi Oliy taʼlim kengashi raisi Erol Özvar boshchiligidagi mehmonlarni SamDTI rektori J.A.Rizayev kutib oldi.

  Mehmonlar SamDTIda yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv va laboratoriya xonalari, oʻquv jihozlari, taʼlim jarayonlari bilan tanishib chiqdilar. Soʻngra mehmonlar institut tarixini oʻzida mujassam etgan muzeyga tashrif buyurib institut yaratilishi va rivojlanishi, shakllangan tibbiyot maktablari bilan yaqindan tanishdilar.

  Tashrif chogʻida janob Erol Özvar institutning faoliyati va undagi sharoitlardan mamnunligini taʼkidlash bilan birga barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi binosi faoliyat boshlagani bilan tabrikladi.

  Yangi oʻquv binosining konferens-zalida “Sogʻliq bilimlari Universiteti” (Turkiya) vakillari, SamDTI maʼmuriyati va professor-oʻqituvchilari ishtirokida tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi.

  Tantanali uchrashuvni kirish soʻzi bilan ochib bergan rektor, professor Jasur Rizaev ikki qardosh xalqning azaliy doʻstligi va hamkorligining chuqur ildizli ekanini, hozirda universitetlarimiz oʻrtasida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy harakatlar, professor-oʻqituvchilar va xodimlarni akademik mobilligini taʼkidlab oʻtdi.

  Yigʻilishda “Sogʻliq bilimlari Universiteti” rektori professor Cevdet Erdӧlga Samarqand davlat tibbiyot instituti professori faxriy unvoni berildi. Oʻzining soʻzida prof. Cevdet Erdӧl institutimiz rahbariyati va butun jamoasiga minnatdorchilik bildirib har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanligini bildirdi. Uchrashuv davomida esdalik sovgʻalari universitetlarimiz hamkorligining jipslashishiga xizmat qilayotgan Sogʻliq bilimlari universitetining boshqa vakillariga ham tantanali ravishda topshirildi.

  Turkiyalik mehmonlar boʻlib oʻtgan uchrashuvni tarixiy ahamiyatga ega ekanini bildirib, Samarqand davlat tibbiyot instituti maʼmuriyati va jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildirdilar va yuqori malakali tibbiy kadrlar tayyorlash yoʻlida omadlar tiladilar.


SamDTI matbuot xizmati