Xalqaro hamkorlik
Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2-son pediatriya kafedrasining xalqaro hamkorlik doirasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari xalqaro ta’lim va ilmiy faoliyat maydonida kafedraning strategik mavqeini rivojlantirish va mustahkamlash konsepsiyasiga asoslangan.
Xalqaro integratsiyani rivojlantirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari xorijiy talabalar sonini ko‘paytirish, xorijiy oliy tibbiy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Ta’kidlash joizki, xorijiy ta’lim muassasalaridan tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarni jalb etish, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari sonining ortib borishi ta’lim faoliyatini yuqori professional darajada olib borish imkonini bermoqda.
Har yili yuqori malakali mutaxassislar, professorlar, talabalar va tadqiqotchilarning biznes va ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ta’lim olish, malaka oshirish hamda ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish maqsadida 2-son pediatriya kafedrasiga tashrif buyurishlari soni ortib bormoqda.
Kafedra akademik mobillik doirasida MDH mamlakatlarining nufuzli tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan muntazam ravishda ma’ruzalar va vebinarlar tashkil etib kelmoqda.
Jumladan, talabalar orasida Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti professori N. N. Smirnovaning, N. I. Pirogov nomidagi Moskva davlat tibbiyot akademiyasi professori L. A. Xaritonovaning, Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi dotsenti N. N. Bekenovning ma’ruzalari, shuningdek, yaqin va uzoq xorij mamlakatlarining oliy tibbiy ta’lim sohasidagi boshqa yetakchi mutaxassislarining ma’ruzalari katta qiziqish uyg‘otdi.